Buxoro viloyati adliya boshqarmasi va tuman, shahar adliya bo‘limlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qonun buzilish holatlari aniqlandi. O‘tgan davr mobaynida ularni bartaraf etish yuzasidan jami 806 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 243 ta taklif va 2 ming 29 ta ogohnoma kiritilgan.
Mazkur hujjatlarga asosan 525 kishi intizomiy, 209 kishi esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan “Yoshlar daftari”ni yuritish orqali yoshlarning muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Vaqtinchalik tartibga asosan subsidiyalar ajratilishi holati o‘rganilgan. Aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha jami 15 ta ta’sir choralari kiritilgan. Natijada 19 nafar shaxsga intizomiy javobgarlik belgilangan.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan 2022 yilning 6 oyi mobaynida fuqarolar va yuridik shaxslar foydasini ko‘zlab, moddiy va ma’naviy zararlarni undiruv to‘g‘risida 24 milliard 458 million so‘mlik 1 ming 501 ta da’vo ariza sudlar tomonidan qanoatlantirilgan.
Bundan tashqari, 2022 yil 6 oyi davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida 82 marotaba so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda 6 ming 514 nafardan ortiq fuqaroning ishtiroki ta’minlangan. So‘rovnomalar yakuni bo‘yicha tegishli tartibda vazirlikka tahliliy ma’lumotnoma va sohani takomillashtirish yuzasidan takliflar berilgan.
Ayrim mahalliy davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘z faoliyat sohasida huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilda olib borilmaganligi norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning kelib chiqishiga asosiy sabab hisoblanadi.
Aholiga qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, maqsadini yetkazish uchun boshqarmaning ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari yuritilmoqda. Joriy yilning ikkinchi yarim yilligidan boshlab “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida “Radio huquq” va “Online muloqot” loyihalari tashkil etildi.
Zarif Komilov, O‘zA