Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida qurilishi bitmagan ko‘p qavatli binoning to‘sini buzilib, qulab tushgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Bunga Qurilish vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Buxoro shahar Bahouddin Naqshband ko‘chasi yoqasidagi birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, yuqori qavatlari esa turar-joy binosi bo‘lishi ko‘zda tutilgan ob’ektda qurilishda ishlab chiqarish texnologiyasiga, xavfsizlik talablariga rioya qilinmagan.
Texnik nazoratchining ob’ekt qurilishi davomida o‘ziga yuklatilgan nazorat ishlarini vaqtida amalga oshirmagani, loyiha nazoratchisi tomonidan belgilangan kalendar reja-jadval asosida nazorat tadbirlari olib borilmagani hamda belgilangan mustahkamlikka ega bo‘lmagan to‘sin (rigelga) ortiqcha yuklanishni berishi sababli rama konstruksiyaning to‘sin qismida buzilish yuzaga kelgan. Holat bo‘yicha jabrlanganlar yo‘q.

Mazkur ob’ektni qurish ishlari Buxoro shahrining tasdiqlangan bosh rejasi va Buxoro shahar hokimining 2015 yil 30 dekabrdagi qaroriga asosan amalga oshirilgan va buning uchun 1,7 gektar yer maydoni ajratib berilgan.
Ushbu qarorga asosan Buxoro shahar Arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan 2015 yil 31 martda arxitektura-rejalashtirish hujjati tayyorlangan. 7 qavatli binoning loyiha-smeta hujjatlari uchun ekspertiza tashkilotining ijobiy xulosasi olinib, qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida DXA orqali xabarnoma yuborilgan hamda inspeksiya tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan.

Ob’ektning qurilish jarayonlari hududiy inspeksiya tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali buyurtmachi, loyihachi tashkilotlarga inspeksiyaning elektron yozma ko‘rsatmalari taqdim etilgan.
Buxoro shahar Bahouddin Naqshband ko‘chasi yoqasidagi binoning 7-qavatida to‘sin (rigel)larga tayangan 5 ta plitaning tushib ketishi bilan bog‘liq holatning aniq sabablari aniqlandi. Unga ko‘ra, binoning asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyasi ramaning to‘sin (regil) qismlari mahalliy qum-shag‘al aralashmasidan tayyorlanib, quyma betondan bajarilgan.
Beton ishlari qurilish maydonining o‘zida qum-sement nisbatiga amal qilinmasdan, tavakkalchilikka asoslangan holda tayyorlangan. To‘sin (rigel)lar yetarlicha mustahkamlik darajasiga ega bo‘lmasdan turib, uning ostidagi yog‘ochli tayanch ustunchalari olib tashlangan. O‘rnatilgan plitalarning ustiga ortiqcha yuk berilib, konstruksiyaning zo‘riqishiga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish talablari buzilganligi uchun fuqaro A.Sayfiddinov O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasiga asosan javobgarlikka tortilib, qurilish-montaj ishlari to‘xtatildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA