Bobur dunyoni hayratga solgan yirik davlat va madaniyat arbobi. Mohir sarkarda, donishmand tarixchi, zakovatli olim va tarjimondir. Ayni paytda u adabiyotimizning Navoiydan keyingi zabardast vakili hisoblanadi.
Bobur 1483- yili Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijonda tug‘ilgan. Otasi ushbu viloyat hokimi Umarshayx Mirzo Amir Temurga to‘rtinchi avlod — chevara edi. Onasi Qutlug‘ Nigorxonimning otasi Yunusxon esa o‘n ikki avlod bilan Chingizxonga ulanar edi. Ko‘rinadiki, Bobur insoniyat tarixidagi ikki buyuk sulola tutashgan nuqtada dunyoga kelgan jahonning eng mashhur shaxslaridan biridir.


Qaro zulfung firoqida parishon ro‘zgorim bor,
Yuzungning ishtiyoqida ne sabr-u ne qarorim bor.
Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zumdin qon ravon qildi,
Nechun holim yamon qildi, men andin bir so‘rorim bor.


O'quvchilar o'zlari yod olgan g'azal va ruboiylarni birma-bir aytishdi.


Jahondin menga g‘am bo‘lsa, ulusdin gar alam bo‘lsa,
Ne g‘am yuz muncha ham bo‘lsa, seningdek g‘amgusorim bor.

Bobur she’riyati. Bobur 18—19 yoshlarida ruboiy va g‘azallar yoza boshlagan. Uning „Topmadim“ radifli g‘azali va „Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi“ misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi o‘sha yillardagi hayoti bilan bog‘liq.

Bobur xalqimizning har jihatdan yetuk, g‘oyat iste’dodli farzandi edi. U o‘ta notinch, sargardonlikda kechgan umrini zo‘r salohiyati tufayli jozibali qila oldi. Uning hayoti faqat janglar bilangina emas, ilhomiy onlar bilan ham tola edi.

Boburning ko'plab g'azallari kuyga solingan. Shulardan ba'zilari o'quvchilar ijrosida talqin qilindi.

Musiqiy chiqishlardan namunalar

Boburning ulkan san’atkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oladi va natijada asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga ko‘tariladi. Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yor-u diyor sog'inchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
Дилдора Ғаффорова,
Бухоро шаҳри 28-мактаб ўқитувчиси.
ЎзА