Mamlakatimizda importni qisqartirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va sanoat korxonalari hamkorligini kengaytirish maqsadida 2021 yildan buyon sanoat yarmarkalari o‘tkazib kelinmoqda.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mas’uliyati cheklangan jamiyati ham mazkur yarmarkalarda mahsulot namunalari, xorijdan olib kelinayotgan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoji bilan faol ishtirok etmoqda. O‘tkazilgan yarmarkalar davomida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan 41 ta memorandum, 13,7 milliard so‘mlik 111 ta shartnoma imzoladi.

Ma’lumot uchun: 2021 yilda cooperation.uz portali orqali jami 17,2 milliard so‘mlik 344 ta shartnoma imzolangan. 2022 yil boshidan joriy davrga qadar 15,5 milliard so‘mlik 298 ta shartnoma tuzilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, mahalliy sanoat mahsulotlari hajmi va turlarini ko‘paytirish, importga qaramlikni bosqichma-bosqich kamaytirish va xaridlar tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirokini jadallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Respublikadagi mahalliy ishlab chiqarish korxona va tashkilotlari rahbarlari, mutaxassislarining Buxoro NQIZga tashrifi doirasida seminar o‘tkazildi. Unda 50 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchi kompaniya ishtirok etdi.
Mehmonlarga korxonaning asosiy texnologik ob’ektlari ko‘rsatildi va zavod qurilmalarini boshqarish jarayonlari bilan tanishtirildi. Zavodning butun faoliyati nazorat qilinadigan markaziy boshqaruv xonasi namoyish etildi. Foydalanishdagi butlovchi va ehtiyot qismlarning, shuningdek, ishlatilayotgan uskunalarning ko‘rgazmali namuna va modellari taqdim etildi.

Taqdimot davomida mehmonlarga 2021-2022 yillarda zavodda mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga importni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar haqida ma’lumot berildi.
Taqdimot qismida amalga oshirilgan ishlar, xususan, tayyor asbob-uskunalar xarid qilish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya imkoniyatlaridan foydalanish, buyurtma asosida jihozlar ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash va yangi uskunalarni joriy etish, yangi sanoat mahsulotlarini yaratish, import o‘rnini bosish va foydalanilayotgan asbob-uskunalarning yangi texnik ko‘rsatkichlariga sezilarli darajada erishishga qaratilgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklif etilayotgan mahsulotlarning o‘zaro sinovlarini o‘tkazish qayd etildi.

Mehmonlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘zlashtiriladigan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoj ko‘rgazmasi namoyish etildi. V2V formatida ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazildi. Hamkorlik mavzulari va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

Zarif Komilov, O‘zA