Prezidentimizning neft mahsulotlari va uglevodorod xom-ashyosi importi o‘rnini bosish, mamlakatimizda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash borasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Import o‘rnini bosadigan, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, yoqilg‘i mustaqilligiga erishish bo‘yicha berilgan topshiriqlar hamda belgilangan vazifalar ijrosi holatini o‘rganish uchun “O‘zbekneftgaz” AJ ning ishchi guruhi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida bo‘ldi. Korxona mutaxassislari bilan uchrashuvda GTL sintetik kerosinini jalb qilish orqali JetA-1-SSF (Djet A-1) aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish masalasi muhokama qilindi.
bugungi kunda sintetik yoqilg‘ini qabul qilish uchun barcha infratuzilma tayyor. Uni Djet A-1 aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish bo‘yicha tayyor mahsulot darajasiga yetkazish bo‘yicha to‘liq dastur ishlab chiqilgan. Zavodda sintetik kerosinni qabul qilish va saqlashga mo‘ljallangan har birining hajmi 5000 metr kub bo‘lgan ikkita sig‘im qurilib, foydalanishga topshirildi. Loyiha, shuningdek, zavodning an’anaviy Djet A-1 avia yoqilg‘isi bilan aralashtirish va Djet A-1 (JetA-1)-SSF gaz turbinali dvigatellari uchun yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun zavodga GTL sintetik kerosinini yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
Mazkur loyihani ilk bosqichidan boshlab, Buxoro NQIZ mutaxassislari Djet A-1 aviatsiya yoqilg‘isining sifat ko‘rsatkichlarini buzmasdan, o‘rnatilgan me’yoriy hujjatlar talablari asosida an’anaviy kerosin bilan optimal nisbatni aniqlash uchun shunga o‘xshash GTL zavodlarida ishlab chiqarilgan sintetik kerosin namunalari bilan doimiy ravishda laboratoriya tadqiqotlarini olib bordi. Loyihani amalga oshirish jarayonida zavod rahbariyati va mutaxassislari tomonidan zavodning ishlab chiqarish sexlari va tahlilxonalarida “Uzbekistan GTL” zavodi uchun mutaxassislar tayyorlash, ularni uy-joy, oziq-ovqat, ish bilan ta’minlash va o‘qitish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
Yarim sintetik (Jet A-1 SSF) yoqilg‘isining xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash maqsadida zavod mutaxassislari tomonidan, tegishli vazirlik, idoralar va nazorat organlari bilan kelishildi. O’z DSt 1117:2007 “Jet A-1 gaz turbinali dvigatellari uchun aviatsiya yoqilg‘isi texnik shartlar” davlat standartiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Natijada, joriy yilning 15 sentyabr kuni Buxoro NQIZga 511 tonnalik sintetik komponentning birinchi partiyasi olindi. Joriy yilning 17 sentyabrida esa Buxoro NQIZ, “Uzbekistan GTL” va “SGS” kompaniyalari vakillari ishtirokida zavodga sintetik kerosin qabul qilindi. Shundan so‘ng, O’z DSt 1117: 2007ga 5-sonli o‘zgartirish talablariga muvofiq quyish ishlari amalga oshirildi.
Buxoro NQIZning an’anaviy kerosini bilan 50 foizga 50 foiz miqdorida aralashtirildi. 18 sentyabrda yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘ining tajriba-sinov partiyasiga pasport berildi. Pasport berish natijalari yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isining O’z DSt 1117: 2007 standarti talablariga to‘liq muvofiqligini ko‘rsatdi. 2022 yilning 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlashtirish tizimida yangi mahsulot – Djet A-1 (Jet A-1)-SSF gaz turbinali dvigatellari uchun aviatsiya yoqilg‘isi sertifikatlandi va muvofiqlik sertifikati olindi.
Transport vaziri va “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligida Transport vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, “O‘zaviatsiya” Agentligi, “Uzbekistan GTL” MCHJ va “Buxoro NQIZ” MCHJ rahbar va mas’ul xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishida “Uzbekistan GTL” sintetik kerosinini jalb qilgan holda Buxoro NQIZda yarim sintetik Jet A-1 (Jet A-1)-SSF aviakerosinini ishlab chiqarish va havo kemalarida qo‘llash masalalari muhokama qilindi. Ushbu turdagi aviayoqilg‘ini qo‘llashni boshlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
2022 yil 23 sentyabr kuni “Boeing” kompaniyasi “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan “GTL” kerosinni Buxoro neftni qayta ishlash zavodida tayyorlanadigan an’anaviy “Jet A-1” aviayoqilg‘isi bilan aralashtirish komponenti sifatida ishlatish imkoniyati yuzasidan yuborilgan so‘rovga ijobiy xulosa berdi va rasman tasdiqladi. 25 sentyabr kuni esa Fransiyaning “Airbus” aviakompaniyasi aviatsiya yoqilg‘isi sohasidagi texnik talablarni tartibga soluvchi “ASTM7566” xalqaro standartlariga asoslanib, xuddi shunday tasdiqnoma yubordi. Shu bilan birga, Shveysariyaning mustaqil ekspertiza, nazorat, sinov va sertifikatlashtirish bilan shug‘ullanuvchi “SGS” kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan “GTL Jet A-1” yarim sintetik aviayoqilg‘isi sifati xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqladi.
bugungi kunda, Buxoro NQIZ da yuqoridagi mexanizmlar asosida xalqaro standart talablariga to‘la mos keladigan mahsulot ishlab chiqarildi. Birja savdolari orqali dastlabki 1020 tonna Jet A-1 (Jet A-1)-SSF rusumli aviayoqilg‘isi “Uzbekistan Airways” kompaniyasiga realizatsiya qilindi.
Respublikamizda ushbu mahsulot ishlab chiqarilishining yo‘lga qo‘yilganligi nafaqat ichki iste’molchilar, balki dunyoning boshqa davlatlaridan keladigan havo kemalari ehtiyojini qondirilishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Turizm salohiyatini yanada oshirish, valyutani iqtisod qilish, importni kamaytirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA