Toshkentdagi “Bunyodkor” futbol klubining maxsus maydonida “O‘zbekneftgaz” AJ tizim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Futbol – 2022” turniri yakuniga yetdi.
Yakuniy bahslarda “O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparat jamoasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi jamoasi bilan bellashdi. Natijada 3:2 hisobida Buxoro neftni qayta ishlash zavodining Oil-Star jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Joriy yilda Buxoro NQIZ futbol jamoasi uchun sovrinlarga boy yil bo‘lmoqda. Sohil futboli bo‘yicha O‘zbekiston chempionati – 2022 da oltin medal sovrindori, futzal bo‘yicha 2022/23 yilgi Oliy Liga ishtirokchisiga aylangan jamoa uchun “Futbol – 2022” turniri kubogi navbatdagi g‘alaba bo‘ldi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha o‘yinchilar orasida Buxoro NQIZ jamoasi a’zosi Sohib Narzullayev “Eng yaxshi o‘yinchi” deb topildi.

–Korxonada sportni qo‘llab-quvvatlash – bu g‘ururlanish mumkin bo‘lgan yaxshi an’analardan biridir, –deydi Buxoro NQIZ MCHJ direktori Akbar Fazilov. –Millionlar o‘yini korxonamiz uchun asosiy sport turlaridan hisoblanadi. Milliy bayramlar arafasida ushbu sport turi bo‘yicha sexlararo chempionatlar o‘tkazish an’anaga aylangan.
Zarif Komilov, O‘zA