Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “OASIS” ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Natijada “Airbus”, “Honeywell”, “Lufthansa” va boshqalar kabi aviatsiya sohasida dunyoning eng yirik kompaniyalari, jahondagi mahsulot ishlab chiqaruvchilari bilan bir xil ro‘yxatda bo‘ladi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Uzbekistan GTL”ning sintetik xomashyosini qabul qilish va “Djet” markali yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish imkonini beruvchi loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va O‘zbekistonning milliy va xalqaro havo kemalarini yuqori sifatli aviayoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlashga yordam beradi.
Shu bilan birga, joriy yilning 14 noyabridan 2 dekabrigacha bo‘lgan davrda zavodda korxona boshqaruv tizimining “AS 9100D” (Sifat menejmenti tizimi. Sifatni boshqarish tizimi. aviatsiya, kosmik va mudofaa tashkilotlari uchun talablar) ga muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlashtirish auditi o‘tkazildi.

Sertifikatlashtirish auditi “DNV” (Det Norske Veritas) sertifikatlashtirish organi tomonidan Italiyadan kelgan auditorlarni jalb qilgan holda “Management Certification” MCHJ mutaxassislari ko‘magida o‘tkazildi. Auditning asosiy maqsadi sertifikatlashtirish ko‘lamini kengaytirish va “Djet A-1” aviayoqilg‘isi va “Djet” yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish va sotish bilan bog‘liq boshqaruv tizimining muvofiqligini baholashdan iborat edi.
Auditning muvaffaqiyatli natijalariga ko‘ra, “DNV” sertifikatlashtirish organi Buxoro neftni qayta ishlash zavodini “ANAB” tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan va jahon miqyosida e’tirof etilgan xalqaro sertifikat olish uchun tavsiya qilishga qaror qildi. “ANAB” (ANSI Milliy akkreditatsiya kengashi) Shimoliy Amerikadagi eng yirik akkreditatsiya organi bo‘lib, 75 dan ortiq mamlakatlarda xizmat ko‘rsatadi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi sertifikatlarni olgach, aviatsiya yoqilg‘isi yetkazib beruvchi sifatida “OASIS” xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritilgan holda “International Aerospase Quality Group” (IAQG) Xalqaro aviatsiya sifati guruhining to‘liq a’zosiga aylanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA