Tarix sahnasida ba’zan shunday voqealar ro‘y beradiki, ular butun bir davrning madaniy-ma’naviy qiyofasini belgilab beradi. XVI asr boshida Eronning mashhur ilm markazlaridan biri – Isfahondan chiqqan olim, dinshunos va adib Fazlulloh ibn Ro‘zbexon Hunjiyning Movarounnahrga kelishi ana shunday tarixiy hodisalardan biridir.
Mafkuraviy tazyiqlar tufayli o‘z yurtiga sig‘may qolgan bu zabardast olimning shayboniy hukmdorlar huzuridan panoh topishi, mazkur sulola hokimiyati nafaqat harbiy, balki ma’naviy-aqliy markaz sifatida ham shakllanganidan dalolat beradi.
Fazlulloh ibn Ro‘zbexon o‘z davrining eng bilimdon kishilaridan biri edi. U Sheroz, Makka va Madina kabi shaharlarda tahsil olib, islom huquqi, tarix, falsafa va adabiyot bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lgan. Biroq Eronda safaviylar sulolasi hokimiyatga kelib, shialikni davlat mafkurasiga aylantirgach, sunniy mazhabidagi Ibn Ro‘zbexon kabi olimlar uchun vatanlarida yashash imkonsiz bo‘lib qoladi. U avval Hirotga, so‘ngra esa Shayboniyxon huzuriga – Buxoroga yuzlanadi. Bu tanlov tasodifiy emasdi. Shayboniyxon hokimiyati bu davrda butun Markaziy Osiyodagi sunniy ahli uchun najot qal’asi, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida dovruq qozonayotgan edi.
Shayboniyxon buyuk olimni katta izzat-ikrom bilan kutib oladi va uni o‘zining eng yaqin maslahatchilaridan biriga aylantiradi. Ibn Ro‘zbexon xonning deyarli barcha harbiy yurishlarida, safarlarida va saroyda o‘tkazadigan ilmiy majlislarida hamrohlik qiladi. Aynan shu muhitda, ya’ni hukmdor va olimning noyob aqliy hamkorligi natijasida o‘zbek davlatchiligi tarixining muhim yozma manbalaridan biri – “Mehmonnomayi Buxoro” (“Buxoro mehmonining xotiralari”) asari dunyoga keladi. Bu asar shunchaki bir tarixiy solnoma emas, balki Shayboniyxon davridagi ichki va tashqi siyosat, o‘sha davr jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, ko‘chmanchi va o‘troq xalqlarning o‘zaro munosabatlari haqida bebaho ma’lumotlar beruvchi manbadir.
Asarning “Buxoro mehmonining xotiralari” deb nomlanishida ham chuqur ramziy ma’no bor. Ibn Ro‘zbexon o‘zini bu zaminda oddiy xizmatchi emas, balki qadr topgan, hurmatli “mehmon” sifatida his qilgan. Uning qalamiga mansub bo‘lgan, Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon uchun yozilgan “Suluk al-muluk” (“Podshohlarning xulq-atvori”) asari esa muallifning davlat boshqaruvi sohasidagi teran bilimi va siyosiy maslahatchi sifatidagi yuksak maqomini yaqqol ko‘rsatib turadi. Bu asar asrlar davomida Movarounnahr hukmdorlari uchun davlatni adolat va shariat asosida boshqarish bo‘yicha muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilgan.
Fazlulloh ibn Ro‘zbexon Hunjiyning hayoti va ijodi – bu nafaqat bir olimning taqdiri, balki XVI asr boshida o‘zbek davlatchiligining mintaqadagi eng qudratli siyosiy kuch bo‘libgina qolmay, balki butun islom olamining o‘tkir aql sohiblarini o‘ziga jalb qila olgan ma’naviy markazlardan biriga aylanganining yorqin isbotidir. Bu tarix bizga ajdodlarimiz davlatni nafaqat qilich kuchi bilan, balki ilm-ma’rifatga tayangan holda boshqarganini eslatib turadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA