Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro industrial sanoati va texnoparki «Muhandislik maktabi»ni takomillashtirishga xizmat qiladi
17:08 / 2024-06-03

Buxoroi sharif, uning tinib-tinchimas ishbilarmon, olijanob xalqi insoniyat tamaddunida ilm-ma’rifati, savdo-sotig‘i, kasb-hunarga moyilligi, ulug‘ bunyodkorlik ishlari bilan doimo oldinda bo‘lib, dunyoni o‘ziga rom etib kelgan.

Joriy yilning 31 may – 1 iyun kunlari davlatimiz rahbari sanoat, iqtisodiyot fan va ta’lim hamda boshqa sohalarda jadal amalga oshirilayotgan islohotlarni ko‘zdan kechirish, qo‘shma loyihalar bilan yaqindan tanishib, yangilarini ishga tushirish, kelgusi vazifalarni belgilab berish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.

E’tiborli jihati, mazkur tashrif har galgidan ancha farqli o‘laroq, asosiy e’tibor sanoatni institutsional rivojlantirish va «Muhandislik maktablari»ga katta e’tibor qaratishdan boshlandi.

Bu borada O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov fikr bildirar ekan: – Rivojlangan mamlakatlar taraqqiyoti yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni tashkil etish, malakali muhandis kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan, – deya o‘z so‘zini boshlaydi. – Buni biz Yaponiya, AQSH, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya kabi bugunda texnologik taraqqiy etgan davlatlar misolida ko‘rishimiz mumkin.  

Xususan, Sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida Xitoy iqtisodiyot, sanoat va texnologik jadal rivojlanishni rag‘batlantirish uchun resurslarni samarali taqsimlash dasturlariga malakali muhandislarni yo‘naltirgan holda taraqqiy etgan. Shu sababli Sharqiy Osiyoda Xitoy so‘nggi qirq yil ichida aholisi o‘ta kambag‘al davlatdan, yuqori iqtisodiy o‘sib, daromadli qo‘shimcha qiymat yarata oldi. Natijada ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirishga erishdi.  

Zero, Xitoy Xalq Respublikasi bunday qiyosiy ustunlikka erishish uchun texnologik transferlarning muhim rolini tan olib, sanoatni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. Rivojlangan mamlakatlarning texnologiya sohasidagi yutuqlarini o‘zlashtirdi. Hozirgi vaqtda Xitoy yalpi ichki mahsulot bo‘yicha dunyoda  ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.  

Aytish mumkinki, sanoatlashtirish yo‘li rivojlanayotgan mamlakatlarni oilaviy tadbirkorlik, biznes muhitiga o‘rgatib, iqtisodiy tuzilmalarini yuqori qiymatli ishlab chiqarish tarmoqlariga o‘zgartirishga olib keladi.

Shu tariqa Yangi O‘zbekiston sanoati rivojlangan mamlakatlar yo‘lidan borib, strategiyasida ko‘zlangan maqsad ilg‘or muhandislik texnologiyalari va nou-xaularga ega bo‘lmoqda. Provardida bu konstruktiv sa’y-harakatlar hududlar kesimida ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ulkan investitsion islohotlar, muddatli qo‘shma dasturlar ishga tushirilishi hudud sanoatlashib borayotganidan dalolatdir. Tashrif doirasida «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasi hududidagi metall quvur ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy «Enpipe» korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mazkur korxona to‘liq zamonaviy muhandislik texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, umumiy qiymati 58 million dollarlik loyiha hisoblanadi.  

Xorijdan investitsiya olib kirilib ish boshlagan mazkur korxona ayni paytda eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, yiliga 300 ming tonna metall quvurlar ishlab chiqaradi.

Ilgari Buxoro sanoatida ishlab chiqarishda foydalaniladigan mahsulot chetdan import qilingan bo‘lsa, endi viloyatda raqobatdosh quvurlar ishlab chiqarilib, eksportga yo‘naltirilmoqda.  

Xo‘sh, ilgari yuqori bosimga chidamli quvurlar Buxoro viloyatida ishlab chiqarilib, hatto xalqaro bozorlardagi talabni qoplaydi, desa kim ishonardi? Go‘yo biz uchun ishlab chiqarish mumkinmas, faqat paxta yetishtirsak, xom ashyo eksport qilsak, katta marralarni zabt qilgandek bo‘lardik.

Bugungi «Sanoat 04» inqilobida davlatimiz rahbari chegaralarni ochdi, fan va ta’limni, zamonaviy muhandislikka asoslangan qo‘shma loyihalarini yurtimizda tashkil qilish uchun xorijiy donorlarga huquqiy asoslar va ijtimoiy shart-sharoitlar yaratib berdi.  

Xususan, «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasi hududidagi metall quvur ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy «Enpipe» korxonasi davlatimiz rahbarining ana shu pragmatik, ochiq va investitsion siyosatining mahsulidir. Korxonada ko‘zdan kechirarkan, davlatimiz rahbari quvurlar yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamliligi bilan birga, mahalliy bozorlarda tannarxni 25 foiz arzonlashiga sabab bo‘lganini tahlil qildi.  

Bu quvurlar nafaqat mahalliy bozorlar, balki «O‘zbekneftgaz» AJ korxonalari va tog‘-kon sanoati, bunyodkorlik sohalarda muhim xom ashyo bo‘lmoqda. Xususan, yangi qurilayotgan MTO gaz-kimyo majmuasida ham ushbu quvurlardan keng foydalanilayotgani alohida qayd etildi.  

Eng muhimi, mazkur korxona evaziga hududda 400 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlanib, ro‘zg‘orini tebratmoqda.

O‘ylab ko‘ring, birgina investitsiya dasturi asosida Buxoroda 2 ming ish o‘rni yaratilgan, agar 14 ta hududda shunday sifatli, xaridorgir qo‘shma korxona tashkil qilinsa, 28 mingta ish o‘rni yaratilar ekan, natijada yuzlab oilalarda farovonlik hukm suradi.  

Davlatimiz rahbari istayotgan narsa ham aslida ana shunday –oilalar farovonligini ta’minlashga erishish. Ya’ni, hududlarda eng zamonaviy korxonalarni tashkil qilib, aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlashdir.

Shu bilan birga, hududlar kesimida «Muhandislik maktablari»ni mahalla va oliy ta’lim bilan integratsiyalashtirgan holda yigit qizlarni kasb-hunar bilan qamrab olish, ishlab chiqarish hajmini oshirishdir. Bu esa, hali ishga tushirilmagan tabiiy resurslardan institutsional foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqargan holda xalqaro bozorlarga kirib borish, eksportni oshirib, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishga xizmat qiladi.  

Bugun Yangi O‘zbekiston fenomenida «Yangi O‘zbekiston» massivlari charog‘on hayotni va’da qiladi. Inson tafakkurini olis kelajakka yetaklaydi. Ulug‘vor Vatanimizning ertangi istiqbolini o‘zida mujassam etgan holda yuksak taraqqiyotimizda ta’lim sifati bilan uzluksiz uyg‘unlashadi.  

Davlatimiz rahbari Qorako‘l tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» massiviga qadam ranjida qilib, u yerdagi «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasi bilan yaqindan tanishdi. Ijtimoiy muhitni sanoatlashtirish va ishchilarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida klasterlashtirilgan yangi massiv barpo etilmoqda. Jumladan, 1 ming 380 xonadonli 71 ta ko‘p qavatli uy, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mahalla markazi hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari viloyatda sanoat zonalari barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, 53 trillion so‘mdan oshgan, aholi jon boshiga 26 million so‘mga yetgan. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 4 600 ta korxona tashkil etilib, 90 mingta ish o‘rni yaratilgan. Eksport 215 million dollarga yetgan. Qorako‘l, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion so‘mdan oshgan.

Davlatimiz rahbari hududda sanoatni rivojlantirish barobarida ipakchilik, kooperatsiya, turizm infratuzilmalarini raqamli rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini chuqur o‘rganish, obidalar atrofida turizm kontentini ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish va hayotga institutsional tatbiq qilishni ilgari surdi.

Tashrif doirasida qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish va texnopark tashkil qilish, majmuaga mazkur tarmoqlardagi korxonalarni joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Xususan, Buxoro industrial sanoati to‘liq qayta ishlash tizimiga o‘tib, eksportni ikki barobar oshirish ta’kidlandi.

Natijada sanoat institutsionallashib, Rossiyaning Nijegorod viloyati va Penza shahrida Buxoro viloyatining bozorlari tashkil etilishi, yaqinda bo‘lib o‘tgan rektorlar forumida erishilgan fan va ta’lim sohalaridagi kelishuvlar qo‘llab-quvvatlanadi.  

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hududda tadbirkorlikni keng ko‘lamda eksportga yo‘naltirish, «bir mahalla – bir mahsulot» davlat dasturlari ko‘magida xonadonlardagi kichik ishlab chiqarishlarni kengaytirish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish, «Muhandislik maktablarini» takomillashtirish va amaliyot bilan bog‘lash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.  

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.