English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro darvozalari hamisha ochiq
14:54 / 2025-11-26

Buxoroda uch oy davom etgan Xalqaro san’at va madaniyat biyennalesi go‘zal suhbatlar, uchrashuvlar va unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.

Buxoro avvaldan turizm bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan. Shaharga 2 250 000 dan ortiq xorijiy turistlar hamda to‘rt milliondan ziyod mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Biyennaleni o‘tkazilishi esa bu oqimni yanada kuchaytirib, Buxoroni dunyo san’at ixlosmandlari uchun muhim markazga aylantirdi.

Tadbirga 1 600 000 ga yaqin mehmon tashrif buyurdi. Shundan 770 000 nafari xorijiy sayyohlar bo‘lib, bu raqamlar biyennalening xalqaro miqyosda katta qiziqish bilan kutib olinganini ko‘rsatdi. Biyennale nafaqat madaniy platforma, balki ulkan iqtisodiy imkoniyat bo‘ldi. Xorijiy sayyohlar orqali turizm xizmatlari eksporti qariyb 210 million AQSH dollariga yetdi.

Biyennale Buxoroni global madaniyat xaritasida yanada yorqinroq namoyon etdi. Tadbir davomida sayyohlardan bir oyda 155 million AQSH dollaridan ziyod tushim kuzatildi. Bir oy vaqt oralig‘ida qadim shaharga jami 1 million 224,2 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘p ekanini ko‘rsatmoqda.

– Har yilgiga nisbatan ham mahalliy, ham xorijiy sayyohlar soni qariyb 1,5-2 baravarga oshganligini ko‘rish mumkin, – deydi Buxoro viloyati turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bobir To‘qsanov. – 2025 yilning o‘tgan 9 oy davomida 1 million 900 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrifi va 3 million 800 nafarga yaqin mahalliy sayyohlar oqimi kuzatildi. Bu o‘z-o‘zidan Buxoroda, umuman O‘zbekistonda davlat rahbarining tashabbusi bilan turizm sohasidagi shart-sharoitlar, sayyohlarga yaratib beraliyotgan infratuzilma ob’ektlari, mehmonxonalar, ularda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashdan dalolat beradi. 

Hududdagi mehmonxonalarning bandlik darajasi ham 84 foizdan 92 foizgacha oshgan. Shu bilan birga, sayyohlarning Buxoroda qolish muddati o‘rtacha 1,5 kunga uzaygani kuzatildi. Nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o‘tkazilgan Buxoro biyennalesi tarix va zamonaviy san’at, hunarmandchilik va gastronomiyani uyg‘unlashtirgan ko‘p qirrali yirik madaniy tashabbus sifatida baholandi.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil qilingan ko‘rgazmalar qadim obidalarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Yorug‘lik, ovoz, interaktiv texnologiyalar va turfa ob’ektlar asosida yaratilgan asarlar tomoshabinni hayratga soldi. 

Bir maydonda konsert sadolari yangrasa, boshqasida rassomlar asarlari ko‘zni quvnatadi, yana bir yerda ijodkorlarning mahorat darslari o‘tkazildi. Biyennaleda bir necha asrlik tarixga ega bo‘lgan kitobot va Abro‘ san’ati targ‘ibotiga ham keng o‘rin berildi.

– Bu mahorat darslari nafaqat bizning sayyohlarimizga, mana shu installyatsiyalarni ko‘rishga kelayotgan tomoshabinlarda ham juda bir qiziqish uyg‘otdi. Nima uchun ranglar cho‘kmasdan o‘z shaklini saqlab qoladi. Ranglarning uyg‘unligini qanday qilib chizyapsiz degan savollar ko‘p. Ularga mana shu narsani tabiiyligini ko‘rsatib berish, uslub osonligini his etish uchun har bir inson mana shu o‘z ruhiyatidan kelib chiqqan holda suvga chizar ekan bu narsa hech qachon takrorlanmaydi. Bu insonni ruhiy jihatdan bosiqlikka chorlaydi, – deydi rassom Davlat Toshev.  

Buxoro biyennalesi YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab osori atiqalar joylashgan hududda tashkil qilinishida ham ramziy ma’no bor. E’tiborlisi, bu yerdagi ayrim yodgorliklar uzoq yillardan so‘ng ilk bor sayyohlar uchun o‘z eshigini ochdi. Shu bilan birga ulardagi o‘tmish qaytalanishini ifoda etish maqsadida karvonsaroylarda, xonaqohlarda, muzeylarda Buxoro shashmaqomi ham alohida jarangladi.

Biyennale yakunlandi, ammo, u bilan Buxoroga kirib kelgan joziba va ruhiyat hali uzoq vaqt har bir nafasda, har bir qarashda o‘zini namoyon etib turadi. Chunki, ilohiylik ruhi mujassam bo‘lgan shaharda tarixga guvoh bo‘lgan ko‘plab ilim ahli va avliyolar nafasi ufurib turibdi.   

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.