Buxoro viloyatiga Xitoyning “Boshiran” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 2 ta 2 qatorlik, 10 ta 4 qatorlik Boshiran 4 MZ-2A rusumli, shuningdek, o‘zimizda ishlab chiqarilgan 2 ta 2 qatorlik “CASE JX 220” rusumli paxta terish mashinalari keltirildi.
Boshiran 4 MZ-2A 2 qatorlik paxta terish mashinasi kuniga 15-20 tonnagacha, 4 qatorlik paxta terish mashinasi esa 40-50 tonnagacha paxtani terish quvvatiga ega.
Boshiran 4 MZ-2A 4 qatorlik paxta terish mashinasi kuniga o‘rtacha 45 tonna paxta tersa, bu qo‘l terimidagi 600-700 nafar kishining mehnatiga teng deganidir.

Kogon tumanida Xitoyning “Boshiran” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, kuniga 40-50 tonnagacha paxta terish quvvatiga ega Boshiran 4 MZ-2A rusumli 7 ta paxta terish mashinasi ish boshladi. Mazkur yuqori unumdor paxta terish mashinalarini 76-90 sxemada ekilgan paxta maydonlari uchun mo‘ljallangan. Kogon tumanida bunday sxemadagi maydonlar esa qariyb 4 ming gektarni tashkil etadi.
Joriy yil paxta hosili uchun Kogon tumanidagi 239 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 7096 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlandi. Kogonliklarning maqsadi har gektar paxta maydoni hosildorligini 40 sentnerga yetkazib, nafaqat viloyatda, balki respublikada birinchilar qatorida ko‘zlangan xirmonni bunyod etish.

Shuningdek, Buxoro tumanida ham Xitoyning “Boshiran” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, kuniga 40-50 tonnagacha paxta terish quvvatiga ega “Boshiran 4 MZ-2A” rusumli paxta terish mashinasi ish boshladi.
O‘tkazilgan tajribalar ushbu kombaynda terilgan paxta dalalarida hosildorlik qo‘lga terilganga nisbatan 5-6 sentnergacha yuqoriligini ko‘rsatdi. Shuningdek, bir kunda 400 nafar odamning o‘rnini bosa olishi fermerlarga qulaylik yaratmoqda.
Bu kabi terim mashinalari oq oltinni yomg‘irli kunlarga qolmasdan sifatli terib olishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.