Buxoro viloyati O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan 2022 – 2026 yillarda 200 ming gektar maydonda “Yashil qoplama” himoya o‘rmonzorlarini barpo etish rejalashtirilgan.
– Ayni kunda boshqarma tizimida 9 ta o‘rmon xo‘jaligi, 2 tadan ov hamda foydali giyoh yetishtiriladigan dorivorchilik xo‘jaligi, shuningdek, ilmiy-tajriba xo‘jaligi hamda viloyat hududiy biolabaratoriyasi faoliyat yuritmoqda, – deydi viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Sardor Jabborov. – Bugunga kelib boshqarma tizimidagi korxona va boshqa sub’ektlar tomonidan umumiy tasarrufga olingan yer maydoni 576 ming gektar bo‘lib, shundan 445 ming gektar maydon o‘rmon va to‘qayzordan iborat. O‘tgan yil 40 ming gektar cho‘l massivida bajarilgan ekish va nihol ko‘kartirish ishlari avvalo, yurtdoshlarimiz salomatligini saqlash, ekologik nomutanosibliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu maqsadda viloyat iqlim sharoiti va geografik o‘rganishlar natijasida Jondor tumanining cho‘l hududidan 40 ming gektar yer maydoni tanlangan edi. Bu ishlarni amalga oshirishda 160 turdagi cho‘l o‘simliklari urug‘i, bunda 2 million tup saksovul niholi tegishli tartibda ixota zonalariga ekilgan. Boshqarma tomonidan ishchi kuchi va maxsus texnika ajratilib, otryadlar tomonidan bajarilgan ishlar uchun 100 tonna dizel yoqilg‘isi sarflangan.

2023 yilda Jondor tumani Qoraqum cho‘lida 20 ming gektar, Shofirkonda 20 ming gektar yer maydonida ekish ishlari boshlangan. Bunda foydalanilayotgan jami 31 ta transport vositasi viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tizimidagi tumanlar o‘rmon xo‘jaliklari texnikalari bo‘lib, ayni kunda 100 kishidan ziyod ishchi kuchi bu ishga jalb qilingan. Ikki tumanda alohida ekish shtabi tashkil etilgan. Kunlik ish hajmi, urug‘lik va zarur yoqilg‘i ta’minoti nazoratga olingan. Shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi jamoalariga amaliy yordam sifatida qishloq xo‘jalik tizimidagi mashina–traktor parklaridan ham 10 ta haydov traktori va zarur agregat va mexanizmlar ajratilgan.

Cho‘l o‘simliklari urug‘lari zaxirasini jamg‘arish va ekish uchun uzluksiz ta’minot yaratilib, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish vositalari ta’minotiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, cho‘lda mehnat qilayotganlar uchun vaqtinchalik bino va inshootlar qurish, birlamchi zarur aloqa va boshqa xizmatlarni shay qilish, zarur texnika va asbob-uskunalar sotib olish uchun mas’ullar biriktirilgan. “Yashil qoplama” lar barpo etish joyigacha bo‘lgan masofaga ishchi-mutaxassislarni va urug‘lik mahsulotni tashish uchun ham tashabbuskor tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan zarur avtobus va transport vositalari jalb qilingan.
Viloyat hududida sug‘oriladigan yerlarni shamol eroziyasiga hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini qum bosishiga qarshi ixota daraxtzorlarini barpo etish bo‘yicha ham o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan tizimli va muntazam chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni shu kunlarda cho‘l massivlarida ekish uchun zaxira qilingan saksovul, yulg‘in, qandim, cherkez va shu kabi yaylov cho‘l o‘simliklari urug‘lari va nihollari ekish ortyadlariga peshma-pesh yetkazib berilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA