Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro “Butunjahon hunarmandlar shahri” ro‘yxatiga kiritiladimi?
14:17 / 2022-03-30

Butunjahon hunarmandlar Kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC–APR) prezidenti Saad-al Kaddumi boshchiligidagi xalqaro o‘rganish hay’ati a’zolari Buxoro shahrida o‘rganishlar olib bormoqda.

Hay’at a’zolari qadimiy kentning hunarmandchilik maktablari, tarixiy an’analarini o‘zida mujassam etgan markazlar, xalq amaliy san’ati bilan band bo‘lgan aholi vakillari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. Ularga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar o‘rganilmoqda. Xalqaro o‘rganish hay’ati a’zolari Buxoro shahri hunarmandchiligining qadimiy ildizlari hamda uning hozirgi kundagi rivojini tahlil qilib baholaydi, uning ayni kundagi maqomini belgilab, Butunjahon hunarmandlar shahri ro‘yxatiga qo‘shish haqida xulosa beradi.  

Saad-al Kaddumi hamda professor Ali Sha Alnajadaxa viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Samimiy muloqotda viloyat hokimi  mehmonlarni 3 ming yillik davlatchilik tarixiga ega ko‘hna va boqiy Buxoroga safari bilan qutladi. Tarixiy shaharning xorijiy va mahalliy sayyohlarni o‘ziga rom etib kelayotgan me’moriy obidalari qatorida madaniy hayoti, hunarmandchiligi bilan ham atroflicha tanishtirdi. O‘z navbatida, Butunjahon hunarmandlar Kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC–APR) prezidenti lavozimida 2013-2020 yillarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, Buxoroga bir necha marta tashrifi davomida bu ko‘hna va jozibador yurtga o‘zining katta qiziqishini bildirgan Ghada Hijjavi Kaddumi xonim, ya’ni Saad-al Kaddumining volidai muhtaramasi tomonidan Buxoroi sharifning sayyohlik salohiyati va milliy hunarmandchilik maktabiga yuqori baho berilgani e’tirof etildi.  

Ta’kidlanganidek, Respublika “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi tizimidagi ko‘hna shaharning hunarmandlari ayni kunda 26 ta yo‘nalish bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Ular soni salkam 500 nafarni tashkil etadi. Yaqin kelajakda Buxoroning “Butunjahon hunarmandlar shahri” ro‘yxatiga kiritilishi esa buxorolik xalq amaliy san’ati ustalarining o‘z mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishi, ayirboshlashlari uchun ham keng imkoniyat yaratadi. Qolaversa, bu maqom sayyohlar oqimining ko‘payishiga, turizmning yanada ravnaq topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.  

Samimiy va do‘stona qabul uchun chuqur minnatdorchiligini bildirgan Saad-al Kaddumi chindan o‘zini qadimiy va boy madaniy merosiga ega ertaknamo shaharga tushib qolganday his etayotgani, bu ko‘hna shaharning me’moriy yechimga ega obidalari, ulardagi hunarmandlar faoliyati, xususan, qadimiy Ark qo‘rg‘oni, bu yerda saqlanayotgan osori-atiqalar katta taassurot qoldirganini bildirdi. Shuning barobarida, xalq amaliy san’ati ustalari ishi, kandakorlik namunalari, rango-rang naqshli san’at asarlari, “Bukhara silk carpets handame” hunarmandchilik markazida yaratilayotgan turli o‘lchamdagi, ipakday mayin va turfa bejirim gilamlar, taniqli zardo‘z Baxshulla Jumayev uy-muzeyi va unda boy assortimentdagi qo‘l mehnati namunalari, umuman, hunarmandlarning ish jarayoni, ularga yaratilgan sharoitdan hayratda ekanligini, ko‘hna va hamisha navqiron Buxoro yuqori e’tiroflarga loyiqligini yashirmadi.  
Butunjahon hunarmandlar shahri ro‘yxati 2014 yildan buyon shakllantirila boshlangan bo‘lib, hozirda bu ro‘yxatga dunyoning 30 ta shahri kiritilgan. Ular orasida Qo‘qon ham bor. Binobarin, xorijiy ekspertlar xulosalari ijobiy yechimini topsa, bu qadim shaharlar qatoriga ko‘hna va boqiy Buxoro ham qo‘shiladi.  

Prezidentimizning 2021 yil 29 apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan joriy yilning 21-25 may kunlari Buxoro shahrida xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi.  

[gallery-6363]

Zarif Komilov,  
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA