Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro brendi – zardo‘zlik dunyoga mashhur
15:29 / 2023-10-30

Tillorang iplarda chevarning orzu-istaklari, mahoratini jilolantirgan zardo‘zi naqshlarda shunchaki go‘zallik ifodasini emas, aksincha hayot boqiyligi va bardavomligini anglatuvchi falsafa bor. Bir-birini ulab ketadigan nozik bezaklar, takrorlanmas gullar zanjiri chindan kishining hayratiga hayrat qo‘shadi. Zarhal chizgilarda aks etgan hikmatni o‘qigimiz keladi. Buxoro zardo‘zligi maktabi ana shu jihatlari bilan sayyohlar e’tiborini tortadi. Qadim hunarlardan sanalgan bu qadriyat avlodlar silsilasida davom etmoqda. Bu hunar yillar davomida sayqallanib, yangicha ko‘rinish kasb etib takomillashmoqda.

Avvallari Buxoroda xotin-qizlar yig‘ilib maxsus qoliplarda joylashgan zardo‘zlik mahsulotlarini hamjihatlikda tikishgan. Buyurtmani o‘z vaqtida yetkazish uchun ko‘pchilik bitta chopon yoki kelin sarposi uchun haftalab vaqt sarflagan. Endi bitta libos uchun haftalab vaqt sarflagan zardo‘zlarning kattaroq mahsulot va ko‘proq buyurtma uchun qancha vaqt yoki mehnat qilishini tasavvur etavering. Buxoroga kelgan sayyohlar esa bu jarayonni kuzatib qo‘l mehnati va qalb qo‘ri bilan tikilgan liboslarga hayrat bilan qarashadi.

Buxoro zardo‘zlari ham ish jarayonida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanmoqda. Buni Buxoro shahridagi “ZARDO'Z” MCHJ faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Korxona umumiy qiymati 782,5 million so‘m bo‘lgan zardo‘zlik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi uchun “O‘zmilliybank” Buxoro viloyati Bosh boshqarmasidan 500 million so‘m kredit olgan. Zardo‘zlik mahsulotlari ishlab chiqarish sexini yo‘lga qo‘yish evaziga 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu yerda zarchopon, turli xildagi ayollar liboslari va xonadonlar uchun pardalar tikiladi. Korxona kelgusida katta maqsadlarni oldiga qo‘yib, faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari ochishni ko‘zlamoqda.

– Bugungi texnologiyalar taraqqiy etib borayotgan davrda qo‘l mehnati yanada yengillashdi, – deydi zardo‘z Dilfuza Arabova. – Yoshligimizda qo‘l mehnatidan foydalanib zardo‘zlikda ter to‘kkanmiz. Endilikda Xitoydan olib kelingan uskunalar yordamida ishlayapmiz. Bitta to‘n avvallari qo‘lda bir oyda tikilgan bo‘lsa, hozirda zamonaviy uskunalar orqali bir kunda 20 tagacha to‘n tikilmoqda. Tayyor mahsulotlarimiz respublikamizning barcha bozorlarida sotilmoqda.

Korxona faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmadi, ammo allaqachon o‘z mahsulotlarini xorijga eksport qilishni boshladi. 

– Biz hozirda nafaqat texnologiyalar yordamida mahsulot yetishtiryapmiz, qo‘l mehnatini ham davom ettiramiz, – deydi Dilfuza Arabova. – Sababi turistlar har doim qo‘l mehnati bilan tikilgan mahsulotlarimizga yuqori baho bergan. Hozir shu bo‘yicha ham loyiha tayyorlab, sex tashkil qilmoqchimiz. Bu yerda sayyohlar ham tayyor mahsulotlarni xarid qiladilar, ham qo‘l mehnati orqali tayyorlanayotgan mahsulotlarimizni ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi. Bunda albatta, yana bank xizmatidan va kreditlaridan foydalanamiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zmilliybank turizm tarmog‘ini rivojlantirish va uni qo‘llab-quvvatlashda doimo tadbirkorlar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bu esa mamlakatimizning sayyohlik infrastrukturasi va iqtisodimiz barqarorligida o‘ziga xos ahamiyatga ega.

“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati