Vatanimiz tarixidagi 22 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1864 yil (bundan 156 yil oldin) – hijriy 1281 yil jumodiy as-soniy oyining yigirma birinchisida, yakshanba kuni (milodiy 1864 yil 22 noyabrda) Xiva xonligiga Buxoro amirligidan Shohxo‘ja sudur boshchiligidagi elchilar keldi. Bunga javoban Buxoro elchisi bilan qiyot Bobobiy amirlikka yuborildi.
1899 yil (bundan 121 yil oldin) – tarixchi olima S.Shodmonovaning ma’lumot berishicha, Eski Marg‘ilonda muhtojlar va nogironligi bo‘lgan kishilar uchun boshpana – Dorulojiziyn (ojiz kishilar uyi) ochildi. Bu boshpanani ochishda Turkiston jamiyati xayriyasi jonbozlik ko‘rsatdi. Mahalliy aholi ham katta hissa qo‘shdi.
Xususan, 10 oktyabrda Xo‘ja Magiz qishlog‘ida xayriya tadbiri o‘tkazilib, tadbirdan tushgan mablag‘ boshpana tashkil etish uchun ishlatildi. Bu savob ishni amalga oshirishga harakat qilgan mahalliy aholi tomonidan hammasi bo‘lib 4 ming 692 rubl 57 tiyin yig‘ilgan edi. Bundan tashqari, ular tomonidan boshpanani ta’mirlash uchun yana 500 rubl berilgan. Bu boshpana 50 kishiga mo‘ljallangan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bundan ikki yil oldin Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan ham amirlikdagi majruh va ojizlar uchun maxsus Dorulojiziyn ochilgan edi. Mazkur dargohdagi muhtojlarga kunlik ikki mahal ovqat amir tarafidan berilgan.
1932 yil (bundan 88 yil oldin) – arxeolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi O‘tkir Islomov tavallud topdi. U mezolit davrini tarixiy davr sifatida O‘rta Osiyoda birinchi bor ochib berdi. Arxeologik manbalarga asoslangan izlanishlari bilan insoniyatning O‘zbekiston hududida bir million yil muqaddam vujudga kelganligini ilmiy ravishda isbotladi.
1939 yil(bundan 81 yil oldin) – telerejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Meli Mahkamov dunyoga keldi. U 30 dan ortiq telespektakl va videofilmlarni sahnalashtirgan. Xurshid Davron bilan birga Amir Temurning 660 yilligiga atab 21 qismli badiiy-publitsistik “Temurnoma” badiiy filmini yaratgan.
1941 yil(bundan 79 yil oldin) – “Toshkent birlashgan kinostudiyasi” tashkil etildi. Toshkent kinostudiyasining ishlab chiqarish fabrikasi qaytadan tashkil etildi. Yangi pavilonlar qurildi, suratga olish maydonlari qayta jihozlandi.
1993 yil(bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismining Jangovar Bayrog‘i to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Mun Chje Inning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga bordi. Seul shahri aeroportida O‘zbekiston Prezidenti sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Davlatimiz rahbarini Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon kutib oldi. Marosimdan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi