Vatanimiz tarixidagi 3 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1546 yil (bundan 479 yil oldin) – hijriy 952 yil zulhijja oyining oxirgi kuni (milodiy 1546 yil 3 mart)da tarixchi, davlat arbobi Mirzo Haydar (1499–1551) Kashmirda o‘zining fors tilidagi “Tarixi Rashidiy” asarini yozib tugatdi. Ikki daftardan iborat bu kitobda XIV – XVI asrlarda Turon hududida yashagan xalqlar, hukmronlik qilgan xonlar va podshohlar xonadoni tarixi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayoti, shu jumladan davlatchilik tizimi, xalqaro munosabatlari, geografik joylashuvi, etnografiyasi, etnogeneziga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Bu asar “Boburnoma” kabi memuar adabiyotning yorqin namunasi hisoblanadi.
“Tarixi Rashidiy”da o‘zidan oldin va o‘zi bilan bir davrda Markaziy Osiyoda o‘tgan atoqli tarixchilar asarlaridan foydalanib, o‘zi ko‘rgan-bilgan va ishtirok etgan voqealar haqida yozilgani asarning ko‘p o‘tmay Sharq va G‘arb tarixchi, sharqshunoslari diqqatini jalb eta oldi. “Tarixi Rashidiy” turkiy tarjimasining to‘liq va to‘liqsiz ko‘chirilgan jami o‘nta qo‘lyozmasi bizgacha yetib kelgan. Asar matnining o‘zbek tilidagi nusxasi so‘zboshi va izohlari bilan 2010 yilda nashrga tayyorlanib, tarixnavis olimlar va keng qiziquvchilar ommasiga havola etilgan.
1866 yil (bundan 159 yil oldin) – o‘zbek dorbozlar sulolasi asoschisi, O‘zbekiston va Rossiya xalq artisti, Mehnat Qahramoni Toshkanboy Egamberdiyev tavallud topdi (vafoti 1963 yil). U o‘z faoliyatini 7 yoshidan boshlab, otasi Egamberdi hoji bilan xalq bayram va sayillarida, shahar maydonlarida dorbozlik o‘yinlarini namoyish etishdan boshlagan. O‘n to‘qqizinchi asrning 80-yillaridan boshlab mustaqil ishlagan, dorbozlik va simbozlik san’atini mukammal egallagan.
Toshkanboy Egamberdiyev 1908 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston sanoat va hunarmandchilik ko‘rgazmasida qatnashib, “eng yaxshi dorboz va simboz” deb topilgan, oltin medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlangan. 1935 yilda Sankt-Peterburg sirkida uning rahbarligi va ishtirokida “Dorbozlar” milliy dasturi yaratilib, dor o‘yinlari ilk bor ochiq maydondan sirk gumbazi ostiga ko‘chiriladi.
Keksa dorboz 1942 yilda o‘zbek sirki jamoasini tashkil etdi va unga rahbarlik qildi. 1947 yil 81 yoshida so‘nggi marta dorga chiqdi. U 1950–1956 yillarda Toshkent sirkining badiiy rahbari bo‘ldi.
1900 yil (bundan 125 yil oldin) – Buxoro amiri Abdulahad amirlik amaldori Ostanaqulni bir arava tanga bilan qorako‘l teri sotib olishga jo‘natdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Buxoro amirligidagi barcha amaldorlar savdo bilan shug‘ullangan. Tarixchi Eshbolta Qobulovning yozishicha, hattoki Buxoro amirining o‘zi ham birinchi raqamli savdogar sanalgan. U asosan qimmatbaho mahsulotlarni nafaqat mamlakat ichki bozorida, balki tashqi bozorlarda ham sotish bilan shug‘ullangan. Xususan, qorako‘l teri va paxtani Rossiyaning turli hududlariga jo‘natib, u yerdan kerakli mahsulotlarni Buxoroga olib kelgan. O‘zining ehtiyoji va beriladigan shohona sovg‘alariga ketadigan xarajatlarning katta qismini savdodan keladigan daromad hisobidan qoplagan.
1925 yil (bundan 100 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati huzurida Bobon Mavlonbekov raisligida “Davlat apparatini mahalliylashtirish Markaziy komissiyasi” tuzildi. Akmal Ikromov, Rahim Inog‘omov va boshqalar unga a’zo bo‘lishdi. Markaziy komissiyaning Samarqand, Zarafshon, Toshkent, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda ham bo‘limlari tashkil qilindi.
1931 yil (bundan 94 yil oldin) – O‘rta Osiyo iqtisodiy kengashi qarori bilan “O‘rta Osiyo ipagi” tresti tashkil etildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati va Fanlar akademiyasining tashabbusi bilan O‘rta Osiyo, Qozog‘iston va Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Prezidentlarining uchrashuvi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Fanlar akademiyasi Prezidentlari Fanlar akademiyalarining ilmiy va ilmiy-texnikaviy hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomaga imzo chekdilar.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Vengriya Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi. Ma’lumot o‘rnida qayd tish joizki, venger va o‘zbek xalklari o‘rtasidagi aloqalar bir necha asrlik tarixga ega. Bir qator mashhur venger sayyohlarining O‘rta Osiyoga qilgan safarini bu yo‘ldagi dastlabki odim deyish mumkin. XIX asrda Turkistonga venger sayyohlari Armeniy Vamberi, Yenyo Zichi, XX boshida Dyord Almashi kelib, so‘ngra o‘z sayohatlari to‘g‘risida kitoblar nashr qildirishgan.
2015 yil (bundan 10 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Surxondaryo viloyatida sportning milliy kurash turini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob’ektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi