Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Buxoroda “Buxoro Agroklaster DZZ” MCHJ tashkil etilgan. Jamiyat o‘zida yirik shoxli qora mollarni boqishdan tortib, sutni qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha texnologik ishlarni amalga oshiradi.
Xususan, sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun 6 million AQSH dollarlik investitsiya yo‘naltirildi va 2,6 gektar hududda zamonaviy ishlab chiqarish ob’ekti qad rostladi.

Mavjud ishlab chiqarish binosi Italiya va Rossiyaning oziq-ovqat sanoatida yetakchi bo‘lgan kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlandi. O‘rnatilgan uskunalar kuniga 60 tonna sutni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, “Lattico” brendi asosida faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda yiliga 22 ming tonna sut qayta ishlanib, undan kefir, sut, pishloq, yogurt, qaymoq, smetana kabi mahsulotlar tayyorlanmoqda. Bu ishlarni amalga oshirish uchun 150 nafar aholi jalb qilingan.

Xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari bu yerdagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishtirildi.
Buxoro viloyati ekin maydonlarining sho‘rlanganlik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori. Hosildorlikka erishish uchun tuproq tahlili nihoyatda zarur. Bu laboratoriyada tuproqning kimyoviy tarkibi o‘rganilib, shu orqali o‘simliklarning mineral va organik o‘g‘itlarga bo‘lgan talabi aniqlanadi. Bu yerda shakllantirilgan ma’lumotlar korxonaning yana bir loyihasi – “Agro Smart Map Uz” platformasiga yuklab boriladi.

Mehmonlar laboratoriyadagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi. Ularga korxona va laboratoriyaning ishlash tizimi, afzalliklari, yangi loyihalar haqida tushunchalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.