French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxgalter va iqtisodchilar uchun seminar
19:29 / 2022-06-13

Qashqadaryoda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tizimida faoliyat olib borayotgan bosh buxgalter va iqtisodchilarning malakasini oshirish maqsadida o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining Samarqand, Jizzax hamda Qashqadaryo viloyati bo‘limi va bo‘linmalarida faoliyat yurituvchi bosh buxgalterlar va iqtisodchilarning bilim ko‘nikmasi oshirish maqsadida joriy yil 9-10 iyun kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida “Raqamli iqtisodiyotda buxgalteriya hisobi va hisobotlarni zamonaviy dasturlar asosida yuritishning mohiyati va afzalliklari” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Seminar doirasida qonun hujjatlari bilan ishlash, adliya va soliq hisobotlarini yuritish, tizimda mehnat munosabatlarini to‘g‘ri shakllantirish hamda tashkilotda buxgalterlik hisobini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan 1-UZ Buxgalteriya hisobi dasturini ishlatish yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur o‘quv seminarida xodimlarni qiziqtirgan savollarga Respublika boshqaruvi hamda hamkor tashkilotlar mas’ul xodimlari tomonidan javob berildi. Unda Mahalla fondi nizomiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan tushunchalar va yillik topshirish lozim bo‘lgan hisobotlar haqida tushuncha va “Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash zamon talabi!”, Soliq organiga hisobotni topshiruvchi tashkilotlarning yillik hisobotini to‘liq va sifatli topshirish bo‘yicha tushunchalar, soliq imtiyozlari, ularni qo‘llash shartlari va tartibi to‘g‘risidagi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Shuningdek, o‘quv-seminar davomida hisobot topshiruvchi tashkilotlarning yillik statistik hisobotlardagi o‘zgartirishlar hamda qo‘shimchalari bo‘yicha ko‘rsatmalar, mehnat munosabatlari borasida ham so‘z yuritildi.

Bosh buxgalterlarni sohaga oid o‘qitish va malakasini oshirish yuzasidan tashkil etilgan mazkur o‘quv-seminarida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha xodimlaridan javob oldi. O‘tkazilayotgan bu kabi o‘quv-seminarlar fondda faoliyat yuritayotgan bosh buxgalter va iqtisodchilarni sohaga oid bilim va tajribasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

– Uzoq yillardan buyon shu sohada faoliyat yuritaman, – deydi fondning Kasbi tuman bo‘limi bosh hisobchisi Zulayho Xudoyqulova. – Barcha sohalarda bo‘lgani kabi buxgalteriya sohasida ham texnologik yangilanishlar kechmoqda. Sohada tajribamizni oshirib, yangicha ishlash mexanizmiga o‘tishni davrni o‘zi talab qilmoqda. Shu boisdan ham o‘quv-seminari juda ahamiyatli bo‘ldi. Sohadagi qonunchilik tizimidagi o‘zgarishlar xususida mutaxassislardan batafsil ma’lumot oldik. Qo‘shni viloyatlik hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik va ikki kunlik seminar davomida o‘zlashtirgan bilimlarimiz amaliyotda bizga juda qo‘l keladi.

O‘tkazilgan ikki kunlik o‘quv-seminar yakunida seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvining sertifikatlari topshirildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA.