Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida boʼlib oʼtayotgan urugʼchilik kongressida ishtirok etmoqda.
Kongress Xalqaro urug‘chilik federatsiyasi, Xalqaro o‘simliklarni muhofaza qilish tashkiloti, Xalqaro urug‘lik sinovlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan.

100 dan ortiq mamlakatning vazirlik, idoralari va sohaga doir tashkilotlaridan kelgan 2000 nafardan ortiq vakilni jamlagan nufuzli anjumanda jahon urug‘chilik savdosidagi so‘nggi o‘zgarishlar, mavjud muammolar muhokama etilmoqda. Shu bilan birga, aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish hamda iqlim o‘zgarishi jarayonlariga mos, sifat ko‘rsatkichlari yuqori navlarni yaratish bo‘yicha tajriba almashilmoqda.


Kongressni uyushtirishdan maqsad ishtirokchilarni Turkiya, AQSH va boshqa yetakchi xorijiy mamlakatlar tajribalari asosida qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini yaratishning yangi usullari, nav urug‘liklarini aniqlash, taqqoslash, sertifikatlashtirish, ko‘paytirish, ishlab chiqarish, saqlash texnologiyalari bo‘yicha olib borilgan so‘nggi tadqiqotlar bilan ilmiy-amaliy tarzda tanishtirish hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini kengaytirishdir.
Nilufar Bozorova, O‘zA