Ulan-Bator shahrida Mo‘g‘uliston Prezidenti tashabbusi bilan Butunjahon tadbirkor ayollar forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova boshchiligidagi O‘zbekiston tadbirkor ayollar delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
«Ayollarni ilhomlantiring, hamkorlik qiling, investitsiya kiriting» shiori ostida o‘tgan tadbirda Prezident Uxnaagiyn Xurelsux, Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okono-Ivela, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayxo Mahkamova hamda dunyoning 500 nafarga yaqin lider va tadbirkor ayollari qatnashdi.


Forumning asosiy maqsadi — tadbirkor ayollarning biznesdagi dolzarb muammolarini hal etish, ular uchun yangi imkoniyatlar ochish va barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shishdan iborat.
Tadbir doirasida biznesni rivojlantirish, moliyalashtirish manbalari, raqamli transformatsiya, «yashil» va inklyuziv iqtisodiyot, chegaralararo hamkorlik hamda eksport salohiyati masalalariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazildi.


Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati xabar berishicha, ikki tomonlama uchrashuvlar davomida o‘zbekistonlik tadbirkor ayollar farmatsevtika, kosmetologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida tajriba almashish va hamkorlik yo‘nalishlarida qator kelishuvlarga erishdi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA