Kolumbiyada shaxmat bo‘yicha o‘smirlar (U-16) o‘rtasida o‘tayotgan Butunjahon olimpiadasining ortda qolgan 3-turidan keyin O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ochko bilan kuchlilar qatorida bormoqda.
45 ta mamlakatning 90 ta jamoasi ishtirokida davom etayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida xalqaro grossmeyster Saidali Yuldashev bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.

Mahoratli yosh shaxmatchilar Humoyun Bekmurodov, Muhammadzohid Suyarov, FIDE sport ustasi Asrorjon Omonov va yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni Afruza Hamdamovadan iborat terma jamoamiz 1-turda Kolumbiya-10 jamoasini 4:0, 2-turda Ekvador-1 terma jamoasini 3:1, 3-turda Peru jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘n oltinchi bor tashkil etilayotgan mazkur Olimpiada musobaqalarida mamlakatimiz shaxmatchilari singari 8 ta jamoa 3 ochkoga ega bo‘lgan holda yuz foizlik imkoniyatga ega bo‘lib turibdi.

Bugun, 19 avgust kuni Butunjahon shaxmat olimpiadasining 4-turida hamyurtlarimiz 3 ochkoga ega Qozog‘iston-2 jamoasi bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat “FIDE World Youth U16 Chess Olympiad-2025” musobaqalari 23 avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA