“Butunjahon kosmos haftaligi” doirasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “O‘zbekkosmos” va NASA agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge-2025” hakaton tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro hakatonning asosiy maqsadi iqtidorli va tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni saralab olish, ularni qo‘llab-quvvatlash, global mavzularga nisbatan to‘g‘ri va keng fikrlashlariga imkon yaratish, jahon maydoniga o‘zbek yoshlarining yangi loyihalarini olib chiqishdan iboratdir.
Hakatonda kosmonavtika va astronomiya kabi yo‘nalishlarga qiziqqan 200 nafardan ziyod yoshlar 50 dan ortiq jamoalarga bo‘lingan holda ishtirok etdi. Ular ma’lumotlarni qayta ishlash, kosmik texnologiyalar va STEAM kabi yo‘nalishlarda 19 ta mavzu bo‘yicha o‘zlarining kreativ loyihalarini ishlab chiqmoqda. Bu esa ular uchun NASA agentligining eng dolzarb muammolari ustida ishlash orqali o‘z iste’dodini namoyon etish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish, noyob g‘oyalarni ishlab chiqish va yangi tashabbuslarni ilgari surishga yordam beradi.
Qayd etish lozim, “NASA Space Apps Challenge-2025” tanlovida har yili dunyoning 160 dan ortiq davlatidan 180 mingdan ziyod yoshlar qatnashadi. Mamlakatimiz esa mazkur hakatonda 4 yildan buyon muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Hozirga qadar mazkur hakatonda ishtirok etgan o‘zbek yoshlaridan tarkib topgan jamoalar jahonning TOP-50 eng yaxshi jamoalari qatoriga kirgan.
Nigora Rahmonova, O‘zA