Xorazmda ikki kundan buyon “SAYYOH-2021" forumi davom etmoqda.
Unda dunyoning 60ga yaqin davlatlaridan xalqaro ekspertlar tashrif buyurgan. Forumda ishtirokchilar tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati, kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sayyoh (iste’molchi)lar muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish va urbanizatsiya kabi mavzular muhokama qilindi.
Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro ekspert Yelena Volf nutq so‘zlab, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining hozirgi kundagi muhim strategik makon ekanligi hamda u yerda yashovchi qardosh millatlar o‘rtasida barcha sohalardagi hamkorlik juda muhim ekanligini ta’kidladi.
Sessiyada ishtirokchilar asosiy muammolar, jumladan, «Turistlarning transchegaraviy shikoyatlarini ko‘rib chiqish muammolari va ularni hal etish yo‘llari», «Xalqaro turizm huquqi va turizm sohasida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish muammolari» masalalarini muhokama qildilar.
Qolaversa, chet ellik hamkorlar bilan tajriba almashish maqsadida doimiy aloqa o‘rnatishga ham kelishib olindi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA