Ertaga, 7 sentyabr kuni Butunjahon hunarmandlar kengashi (World craft counsil) Prezidenti Saad al-Qaddumiy, Kengashning Osiyo-Tinch Okeani mintaqasi Bosh kotibi, vitse-prezident Aziz Murtazayev hamda professor Asif Shayxdan iborat Xalqaro baholash komissiyasi Farg‘ona viloyatiga keladi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad Marg‘ilon shahriga Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan beriladigan Hunarmandlar shahri maqomini olish bo‘yicha topshirilgan ariza yuzasidan o‘rganish olib borishdan iborat.
Butunjahon hunarmandlar kengashi vakillari 10 avgustgacha viloyatimizda bo‘lib, Marg‘ilon shahridagi Hunarmandlar markazi, “Yodgorlik” korxonasi, Hunarmandchilikni rivojlantirish markazida, to‘quvchi hunarmandlar xonadonlarida milliy matolar to‘qimachiligi va tayyorlash jarayonlari bilan tanishishadi. Mehmonlar shuningdek, Marg‘ilon Ipakchilik tadqiqot institutida hamda “Nurli tong” korxonasida ipak tayyorlash faoliyatini ko‘zdan kechiradilar. Xalqaro baholash komissiyasi a’zolari Qo‘shtepa tumanidagi “Hunarmandlar markazi”da gilamdo‘zlik va kashtachilik ustaxonalarini borib ko‘radilar, Qo‘shtepa bozoridagi milliy matolar savdo rastalari bilan tanishadilar.
Tashrif dasturidan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashuv ham o‘rin olgan.
M. Sulaymonov, O‘zA