Har yili 28 iyul kuni JSST Butunjahon gepatitga qarshi kurash kunini nishonlaydi. Ushbu sana sog‘liq bilan bog‘liq qator muammolar, jumladan, jigar saratonini chaqiruvchi jigar yallig‘lanishi - virusli gepatit to‘g‘risida xabardorlikni oshirish maqsadida alohida belgilangan.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, virusli gepatitning A, V, S, D va Ye belgili asosiy beshta turi mavjud. Gepatit V va S virusi birgalikda ko‘pincha o‘lim holatini keltirib chiqaradi. Aynan shu sababdan har yili 1,3 million kishi hayot bilan vidolashadi. COVID-19 pandemiyasi davrida ham virusli gepatit, avvalgidek, minglab insonlar yostig‘ini quritmoqda.
«Asosan kam daromadli mamlakatlarda uchraydigan OIVdan farqli o‘laroq, gepatit sababli o‘lim holatining 58 foizi o‘rta va yuqori daromadli mamlakatlarda sodir bo‘ladi», – ta’kidlaydi JSST.
«Tinch epidemiya»
Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar gepatitning turli shakli bilan yashaydi. Ko‘pchilik o‘zlarida gepatit borligini bilmasligi, yillar davomida kasallik alomatini sezmasligi mumkin. Afsuski, tana S virus bilan zararlangani aniqlanganda, ko‘pincha, juda kech bo‘ladi, kasallik jigar sirrozi va hatto, jigar saratoniga aylanadi.
So‘nggi bir yil ichida gepatit S bilan bog‘liq aksariyat holatlarni davolay oladigan yangi dorilar paydo bo‘lgani aytilmoqda. Faqat davolanish uchun virus borligini bilish kerak. Buning uchun esa xavf ostidagi guruh uchun test o‘tkazish juda muhim. Erta davolash jiddiy jigar kasalligi rivojlanishining oldini oladi.
JSSTning gepatitga qarshi kurashdagi sa’y-harakati Butunjahon gepatitga qarshi kurash kuni munosabati bilan birlamchi tibbiyot muassasalari va jamoat tuzilmalarida gepatitga qarshi yordam ko‘rsatish imkoniyatini oshirish zarurligiga e’tibor qaratadi. Zero, bu odamlarda gepatitning barcha turi bo‘yicha davolanishdan o‘tish va yordam olish imkoniyatini kengaytiradi.
JSST 2030 yilgacha virusli gepatitni yo‘q qilishni maqsad qilgan.
Direktiv tashkilotlarga gepatitdan davolash dasturlarining iqtisodiy samaradorligini tahlil qilishda yordam beruvchi uchun onlayn-kalkulyatorlar yaratilgan.
O‘zbekiston: yagona elektron reyestr, bepul dori vositalari, emlash
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 16 maydagi “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatda surunkali virusli jigar kasalliklarining yagona elektron reyestri yuritila boshlanadi. Reyestrni ishlab chiqish Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’sisligida “IT Med” kompaniyasiga topshirildi. 2022 yil 1 noyabrga qadar reyestrni ishlab chiqish, keyinchalik texnik va dasturiy ta’minotni amalga oshirish lozim.
Reyestr 2023 yil 1 yanvargacha qon va qonning tarkibiy qismi bilan ishlaydigan xodimlari bo‘lgan davolash-profilaktika muassasalarida, sanitariya-epidemiologiya xizmati va mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tibbiyot tashkilotlarida joriy etilishi shart. 2022 yil 1 iyundan boshlab bevosita qon bilan ishlaydigan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit V kasalligiga qarshi bepul emlanadi.
Qarorda aytilishicha, 1 iyuldan boshlab virusli gepatitning V va S turlari bo‘yicha yillik skrining tekshiruvidan o‘tadigan O‘zbekiston aholisi miqdori 1 million nafarga yetkaziladi.
G. Abdullayeva, O‘zA