Oliy Majlis Senatida 20 noyabr – Butunjahon bola huquqlari kuni munosabati bilan «Bizning huquqimiz, bizning ovozimiz» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bolalar ombudsmani, O‘zbekistondagi YUNISEF vakolatxonasi rahbari, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, Yoshlar ishlari agentligi direktori, 200 nafar ekologiya faollari hamda 400 nafardan ortiq yoshlar onlayn tarzda ishtirok etdi.
Mazkur muloqot bolalar huquqlari, ularning ijtimoiy, ta’lim va ekologik masalalarda ishtirokini rag‘batlantirishga bag‘ishlandi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva muloqotning barcha ishtirokchilarini qutlab, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi, ijtimoiy himoya va maxsus ehtiyojli bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi yutuqlarga erishilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonning bolalar va yoshlar uchun barqaror va sog‘lom muhit yaratish, ekologik ong va javobgarlikni shakllantirish yo‘lida qilayotgan sa’y-harakatlari e’tirof etildi.
Jumladan, “Zamin” xalqaro jamoat fondi orqali “O‘zbekiston eko maktablari” loyihasi doirasida 258 maktab va 492 maktab o‘quvchisi faol ishtirok etayotir.

Bolalarning ekologik bilim va huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha milliy platformalar yaratilib, yoshlar orasida iqlim o‘zgarishi va yashil texnologiyalar bo‘yicha bilim va tadbirlar rivojlantirilmoqda.
Tadbir davomida bolalarga o‘z tashabbus va loyihalarini ishlab chiqish, ekologik huquqlarni himoya qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha innovatsion yechimlarni taklif etish va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilish imkoniyatlari taqdim etildi.
N.Abduraimova, O‘zA