Shu kunlarda mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim maskanlarida Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbir Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati institutida ham tashkil etildi.
Tadbirda buyuk mutafakkirlar ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida so‘z yuritildi.
– Hazrat Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur she’riyati musiqa bilan sug‘orilgan, – dedi O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi bosh direktori, musiqashunos olim Soyibjon Begmatov. – Jumladan, Navoiyning asarlarida 12 maqomning barcha ohanglari mavjud. Navoiy ham, Bobur ham katta bir hayot maktabini o‘taganlarki, unda o‘qimagan ishlari, yordam qilmagan sohalari, ustozlikda ko‘rsatmagan ko‘maklari qolmagan. Shuning uchun ham ularning ijodi biz uchun ibratdir. Musiqa bilan shug‘ullangan mutafakkirlarning bari musiqachi bo‘lmagan. Kimdir faylasuf, Ibn Sino tabib, boshqa allomalarimiz davlat arbobi bo‘lgani tarixdan ma’lum. Agar ularning ko‘maklari bo‘lmaganida edi, milliy musiqa san’atimiz bu qadar rivojlanmagan bo‘lar edi. Masalan, Navoiy yordami bilan sozandalarning ko‘pi shuhrat topgan. Bularni biz “Mahbub ul-qulub”da, “Majolis un-nafois”da, hatto “Lison ut-tayr”da ko‘ramiz. Musiqa ilmining yaratilishi jarayonlari haqida ham Alisher Navoiy o‘z asarlarida aytib o‘tgan.
Ikkinchi tomondan, Navoiy o‘z zamonasining buyuk insonlariga murojaat etib, musiqiy ilm qilishni aytganlar. Jumladan, garchi ungacha Zaynilobiddin Husayniy, Najmiddin Kavkabiy, Binoiy tomonidan yaratilgan risolalar bo‘lsa-da, Hazrat Abdurahmon Jomiyga borib musiqiy risolalar yaratilishi xususida murojaat etganlar. Navoiy g‘azallari bilan kuylanadigan ashulalarni tinglash bilan birga uning she’riyati, asarlarini ham o‘qish kerak. Buning uchun esa katta e’tiqod zarur. Navoiyni anglash uchun esa idrok, iste’dod zarur, deb o‘ylayman.
– Alisher Navoiyni olamshumul inson bo‘lgani uchun, butun dunyo tan olgani uchun ulug‘laymiz, – dedi navoiyshunos olim Azizullo Orol. – Navoiy asarlarining tili, so‘zi biznikidir. Dunyoqarashi, tafakkuri esa butun jahonga taalluqli. Ma’lumki, Alisher Navoiy ikki tilda – turkiy va forsiyda ijod qilgan. U fors tilini shirinlikka qiyoslasa, turkiy tildagi ijodini oltin, durga o‘xshatadi. Navoiy bugun ham biz bilan yashab yurgandek, hayotimizning barcha qirralarini ko‘rib, ko‘zdan kechirib, bizga aytib berayotgandek go‘yo. Jumladan, bugun ham dolzarb bo‘lgan tinchlik, adolat, inson huquqlari, ayollarga hurmat va ehtirom, tabiat va atrof-muhit muhofazasi va boshqa barcha jabhalardagi mavzular uning asarlarida o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ham uning asarlarini o‘qish, o‘rganish muhimdir.
Tadbirda mutafakkir shoir bobolarimiz ijodining tarbiyaviy ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Mumtoz kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri