Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Butun dunyoda tibbiyot tekin emas
19:11 / 2020-02-21

Mamlakatimizda soʻnggi uch yilda tibbiyot sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.


Mamlakatimizda soʻnggi uch yilda tibbiyot sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Shunga qaramay, hali sohada xususan, aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash borasida muammolar bor. Tibbiyot muassasalari, xususan, 16 ta respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yoʻnaltirilayotgan imtiyozli toifadagi bemorlarga beriladigan bepul yoʻllanma – orderlar ajratilishida shaffoflik taʼminlanmagan. Uzoq muddatli navbat kutishlar bemorlarni ortiqcha ovora qilmoqda... 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatishdagi mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi. 

Mutasaddilarning soʻzlariga koʻra, davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga tibbiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, yoʻllanma – order olish uchun mijoz yashash joyi boʻyicha qishloq vrachlik punktlariga, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalariga murojaat qiladi. Ular tomonidan tibbiy yordam olish darajasiga qarab, tibbiyot birlashmalarining tegishli markaziy koʻp tarmoqli poliklinikalariga yoʻllanma beriladi. Imtiyozli toifaga kiradigan yoʻllanma berilgan mijozlarga bepul tibbiy yordam koʻrsatish uchun tibbiy-tanlov komissiyasining xulosasi asosida order rasmiylashtiriladi. 

Shu oʻrinda bir mulohaza. Xalqimiz orasida “tibbiy xizmatlar bepul”, “tekin tibbiy xizmat” degan tushuncha bor. Tibbiyot muassasalarida ham ana shunday yozuvlarga koʻzimiz tushadi. Haqiqatda tekin xizmat yoki bepul tibbiy xizmat koʻrsatish yoki olish mumkinmi? 

– Yoʻq. Sababi ularga ketadigan dori-darmon va boshqa xarajatlarni qayerdandir qoplash kerak-ku?! Bemorlar tekin xizmatdan foydalandik, deb oʻylashlari mumkin. Aslida ularga koʻrsatilgan xizmatlar davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilgan boʻladi, – deydi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev. – Aholimiz bir narsani toʻgʻri tushunishini xohlardim. Butun dunyoda tibbiyot tekin emas. Bemor oʻz hisobidan yoki davlat byudjeti hisobidan davolanishi mumkin. 

Oʻz sogʻligʻiga beparvo boʻlmagan masʼuliyatli fuqarolar quyi bosqichlarda tibbiy koʻriklardan oʻtib, toʻgʻridan-toʻgʻri ordersiz ixtisoslashtirilgan muassasalarga murojaat qilsa-chi? Shunday boʻlgan taqdirda, markaz tomonidan tartibli mijozlarni ragʻbatlantirish, yaʼni bemorning ahvoliga qarab, uning navbatini tezlashtirish yoki toʻlovni amalga oshirishda imtiyozlar qoʻllash maqsadga muvofiq emasmi?

Deputatlar tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilariga ana shunday takliflar bildirildi. Orderning har kimga ham emas, balki aynan ehtiyojmand fuqaroga ajratilishiga erishish, order ajratishni bir idora tasarrufidan chiqarish, barcha yurtdoshlarimiz ochiqlik tamoyili asosida yoʻllanmalarning ajratilishini kuzatib borishlarini taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. 

Toki, har bir imtiyozli tibbiy yordam olish huquqiga ega yurtdoshimiz davlatimizning koʻrsatayotgan kuchli ijtimoiy gʻamxoʻrligini amalda his etib tursin.