Toshkentdagi Xalqaro kongress xollda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti bo‘lib o‘tdi.
BMT, Parlamentlararo ittifoq va unga a’zo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol-spikerlari, turli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 20 ga yakin davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etgan mazkur sammit ikki kun davom etdi. Unda turli mamlakatlar parlamentlari rahbarlari dolzarb chiqishlar qildi, o‘zaro tajriba almashildi. Qiziqarli muhokamalar davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha ko‘plab amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhimi, “Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali ta’minlashda xavf-xatarlarni baholash” mavzusiga bag‘ishlangan sammitning yakuniy hujjati – Toshkent deklaratsiyasi ishlab chiqildi. Hujjatda mamlakatlarning barqaror rivojlanishi va farovonligini ta’minlash, mavjud muammolarni baholash va ularni bartaraf etishda gender tengligiga yo‘naltirilgan parlamentni shakllantirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, inqirozli vaziyatlarni hal etishda tenglik, adolat va barqarorlikka asoslangan gender masalalariga javob beradigan parlamentni shakllantirish bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili Avstriya poytaxti Venada bo‘lib o‘tgan sammitda keyingi uchrashuv O‘zbekistonda bo‘lishi belgilangan edi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglik, xotin-qizlar huquqi masalasida juda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmaydi” degan qat’iy tamoyil asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud normativ-huquqiy baza xalqaro standartlar asosida takomillashtirildi, tashkiliy-institutsional baza mustahkamlandi, strategik va konseptual hujjatlar qabul qilindi, ularning ijrosi sifatli ta’minlanmoqda, gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. bugungi kunda Parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos holda 32 foizni tashkil etmoqda. Xotin-qizlarning boshqaruv lavozimidagi ulushi 27 foizga, tadbirkorlik sohasida 25 foizga, siyosiy partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 46 foizga yetdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning muhim qarorlar qabul qilinadigan davlat idoralarida yetarli darajada vakillikka egaligi ular manfaatlarining mazkur hujjatlarda to‘laqonli inobatga olinishida muhim omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayollarimiz orasidan vazirlar, elchilar, hokimlar, olimalar, O‘zbekiston qahramonlari yetishib chiqyapti. Bu yurtimizda gender tenglikka ko‘rsatilgan yuksak e’tiborning samarasidir. Shu kabi o‘zgarishlar jahon hamjamiyati e’tiborini tortdi va shuning natijasida Toshkent mazkur sammitga mezbonlik qildi.
Tadbirda ayollar salomatligini mustahkamlash, ularning ijtimoiy himoyalanmagan qatlamiga alohida e’tibor qaratish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘i orqali xotin-qizlar huquqlarini har tomonlama himoya qilish, ularning sha’ni hamda qadr-qimmatini kamsitish va ta’qib qilish bilan bog‘liq salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amaliy qo‘llash ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.
Xotin-qizlar dunyo aholisining yarmini tashkil qiladi. Insonning eng muhim huquqlaridan biri bo‘lgan gender tenglik jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, barqaror rivojlanish jarayonida inson salohiyatidan to‘liq foydalanish va ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutadi.
Sammit siyosatda, jamiyatda faol bo‘lgan butun dunyo xotin-qizlarini bir joyga to‘plab, o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, rahbar ayollar o‘rtasida fikr almashish, raqamli makonda inson huquqlari himoyasini va gender tenglikni ta’minlash uchun tartibga solish usullari va taktikasini ishlab chiqish yoki qayta ko‘rib chiqish uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘tagani ta’kidlab o‘tildi.
Shu o‘rinda aytish joizki, global muammolar yechimida parlamentdagi ayollar tashabbus ko‘rsatayotgani diqqatga sazovor. Chunki ayollar muammolari yechimlari, gender tenglik kabi masalalar parlamentlar orqali qonunlarda aks etadi. Qonun esa ijrosi ta’minlanishi shart bo‘lgan hujjatdir.
Barchaga ma’lumki, so‘nggi ikki yil davomida COVID-19 pandemiyasi hammaga zarar yetkazdi. Ayniqsa, xotin-qizlar bu jarayonda qiyin vaziyatlarni boshdan kechirdi. Sammitda aynan pandemiyadan keyin jamiyatdagi muvozanatni tiklash, uning oqibatlarini bartaraf etishda ayollar rolini oshirishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.
bugungi sammitni tarixiy voqea deyish mumkin. Boisi Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor O‘zbekistonda ana shunday yirik anjuman o‘tkazilmoqda. Binobarin, yurtimizda so‘nggi yillarda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar jahon hamjamiyati, shu bilan birga, Parlamentlararo Ittifoqning e’tiborini tortgani quvonarli holdir.
Ma’lumki, Parlamentlararo Ittifoqqa dunyoning 200 ga yaqin davlatlari a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu Ittifoqqa 2017 yil a’zo bo‘lgan. O‘tgan qisqa davr ichida mazkur ittifoqning barcha tadbirlarida mamlakatimiz vakillari faol ishtirok etdi. Mazkur Ittifoqqa mamlakatimiz vakillarining a’zo bo‘lishi O‘zbekistoning siyosiy maydondagi katta obro‘-e’tiborini ko‘rsatadi.
Manzura Salimova,
Oliy Majlis Senati a’zosi
O‘zA