Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Butun bir sud-huquq tizimiga birdek taalluqli talab!
11:31 / 2020-07-03

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda inson huquqlarini himoya qilishga masʼul boʻlgan ayrim idora va vazirliklarning faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar qattiq tanqid qilindi.

MUNOSABAT

Maʼlumki, 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining ikkinchi ustuvor yoʻnalishida, eng muhim vazifalardan etib, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish, shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash belgilangan.

Taʼbir joiz boʻlsa, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun kuni boʻlib oʻtgan odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Harakatlar strategiyasining ikkinchi ustuvor yoʻnalishida belgilangan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Yigʻilishda mamlakatimizda inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklarini himoya qilish sohasidagi oʻzgarishlar odamlarda haqiqat va adolatga boʻlgan ishonchni mustahkamlayotgani, biroq, bu xalqni sud-huquq tizimidan rozi ekanligini anglatmasligi alohida urgʻulandi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda inson huquqlarini himoya qilishga masʼul boʻlgan ayrim idora va vazirliklarning faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar qattiq tanqid qilindi.

Bundan koʻpchilik xulosa qildiki, malamkatimizda inson huquqlarini himoya qilish, odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish shaxsan davlat boshligʻining nazoratidadir va bu, mavsumiy tadbir emas, balki davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishidir.

Sir emas, mustaqillikning dastlabki yillaridan mamlakatimizda sud hokimiyatini, uning mustaqilligini mustahkamlashga, sudning obroʻsini koʻtarishga, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishda, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirishda sudning rolini va ahamiyati koʻtarishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida davlat hokimiyatini uchta tarmogʻi prinsipial tarzda bir-biridan alohida ajratilganligi va sudlarni mustaqil hokimiyat sifatida eʼtirof etilishi tom maʼnodagi sud hokimiyatini mustaqilligini taʼminlashga imkon yaratdi.

Soʻnggi yillarda sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatini fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizda sud-huquq islohotlarini yangi davriga huquqiy asos boʻldi.

Prezident Farmonida qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat hokimiyatining muhim tarmogʻi boʻlgan sud-huquq tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy davlatni shakllantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha uzoq muddatli va izchil islohotlar eng muhim ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangani, uning ahamiyati nechogʻlik ekanligini ham koʻrsatadi.

Eng muhimi, sud-huquq tizimini isloh qilish, uning provardida esa, inson huquqlarini taʼminlash masalalari davlat boshligʻining doimiy eʼtiborida desak mubolagʻa boʻlmaydi. Boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida bu yaqqol sezilib turdi, desak mubolagʻa boʻlmasa kerak.

Biz boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishni ayrim jihatlariga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz.

Prezidentimiz taʼkidladiki, parlament palatalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar ishtirokida joylarda xalq bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotlar chogʻida jamoatchilik inson huquqlarini buzilishi, bu sohaga masʼul xodimlar tomonidan adolatsizliklarga yoʻl qoʻyilayotgani ochiq-oydin aytilmoqda.

Aynan shu sabab, bundan buyon deputat va senatorlar oʻzlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda Odil sudlovga koʻmaklashish va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha muntazam ravishda muloqotlar oʻtkazib borilishi maqsadga muvofiq deb topildi.

Bundan xulosa qiladigan boʻlsak, Odil sudlovni taʼminlashga hamma birdek masʼul degan maʼno kelib chiqadi.

Shu maʼnoda, ommaviy axborot vositalari, xususan jurnalistlar, jumladan internet jurnalistikasi vakillari, aytmoqchimizki, iqtidorli va oʻz ishini biladigan bugunni tili bilan aytganda blogerlar yana-da faol boʻlishlari ayni muddaodir.

Yana bir muhim soha. Bu haqida Prezidentimiz alohida toʻxtalib oʻtdilar, yaʼni Odil sudlovni taʼminlashda bevosita ishtirok etuvchi advokatlardir.

Shuning uchun ham davlatimiz rahbari yigʻilishda advokatura institutiga toʻxtalar ekan, uni Odil sudlovning ajralmas qismi, deb eʼtirof etdi.

Agar, advokatura instituti Odil sudlovning ajralmas qismi boʻlsa, Oʻzbekistonda bugun 4 ming atrofida advokat faoliyat koʻrsatayotgani va 8,5 ming aholiga oʻrtacha bir mutaxassisni toʻgʻri kelishi, qolaversa shularning 43 foizi Toshkent shahrida faoliyat yuritishi, sohada amalga oshirilishi zarur boʻlgan koʻp ishlar borligidan dalolat beradi.

Aynan shuning uchun ham Prezidentimiz advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan talab etiladigan 2 yil yuridik staj mavjud boʻlishi haqidagi qoidani bekor qilib, undan koʻra talabalik davrdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot oʻtash tartibini joriy qilish taklifini ilgari surdi. Sohaning ilmiy salohiyatini ham mustahkamlash maqsadida yuridik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha magistrlar tayyorlash amaliyoti joriy etiladigan boʻldi. Kelgusida bu advokatura institutini rivojlanishida oʻzining ijobiy samarasini berishi shubhasiz.

Odil sudlovni taʼminlashda tergov organlarining ham bevosita ishtirok bor, deb hisoblaymiz.

Koʻpchilik biladi, agar tergov organlari tomonidan yuritiladigan jinoyat ishida shaxs (ayblanuvchi)ga nisbatan asosli ayblov qoʻyilsa va keyinchalik bu ish sudlarda koʻrilayotganda turli rasmiyatchiliklar va ovoragarchiliklar kelib chiqishini oldini olishga xizmat qiladi.

Agar, buning aksi boʻlib, tergov organlari jinoyat ishida shaxs (ayblanuvchi)ga nisbatan asossiz ayblov qoʻyib, jinoyat ishini xalq tili bilan aytganda “yumaloq-yostiq” qilib sudga yuborsa, tasavvur qiling kam boʻlsada uchrab turadigan ayrim sudyalar tomonidan tergov hujjatlari asosida, yana ham aniqrogʻi “tergovchining qosh-qovogʻiga qarab” qaror chiqariladigan boʻlsa, aynan shu narsa Odil sudlovga raxna solishi mumkin.

Quvonarli jihati borki, joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida tergov organlari asossiz ayb qoʻygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qoʻyilgan ayblovlar asossiz deb topilgan. Oʻtgan 2019-yilda 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard soʻmlik moddiy va maʼnaviy zarar undirib berilgan. Albatta, bu sudlar tomonidan adolatni tiklangani. Biroq, tergov organlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatoliklar uchun nafaqat fuqaro, balki davlat byudjetiga ham sezilarli zarar yetkazilgan-ku. Buning hisobini kim yuritadi.

Shuning uchun ham kelgusida sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega boʻlish, Sudyalar oliy maktabini oʻqib tugatish kabi talablar qoʻyish orqali tanlov kuchaytirilgani va buning ijobiy tomonlari eʼtiborga olinib, kelgusida tergovchilikka nomzodlarga ham shunga oʻxshash talablar qoʻyilishi kerakligi, davlatimiz rahbari tomonidan taklif etildi. Bu ishlarni samarali amalga oshirish uchun bir qator mutasaddi idoralarga topshiriqlar berilib, qisqa muddatlarda Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilgʻor tajriba va xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, mamlakatimizda Odil sudlovni taʼminlashga birgina sud hokimiyati oʻzi olib boradigan faoliyat yetarlik boʻlmaydi. Qolaversa, odamlarimizni adolatga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, shuningdek, “Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak” degan Prezident talabini bajarish – mamlakatimizni butun bir sud-huquq tizimiga birdek taalluqlidir.

Abdumannob Rahimov,
yuridik fanlar nomzodi