Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Butlovchi buyum ham, tayyor mahsulot ham o‘zimizniki
14:50 / 2015-11-16

Prezidentimizning 2015 yil 11 fevraldagi 2015-2019 yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchibuyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, joriy yilda Samarqand viloyatidagi 25 korxona tomonidan 59 loyiha amalga oshirilishi va 298,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 2015 yil 11 fevraldagi 2015-2019 yillar uchun tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, joriy yilda Samarqand viloyatidagi 25 korxona tomonidan 59 loyiha amalga oshirilishi va 298,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, sanoat korxonalari tomonidan import o‘rnini bosuvchi va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashda mahalliylashtirish dasturi alohida ahamiyatga ega. Bu borada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar tufayli yurtimizda tayyorlanayotgan mahsulotlarning material va asosiy butlovchi qismlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu ichki tarmoq va tarmoqlararo, kichik biznes subyektlari va yirik sanoat korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, mahsulot tannarxini arzonlashtirish va sifatini oshirish imkoniyatini bermoqda.

– Davlatimiz rahbari qarori bilan tasdiqlangan mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalarda joriy yilning to‘qqiz oyida 146,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi Samarqand viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Yoqubova. – Samarqand tumanidagi “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Samavto” korxonasida tayyorlanayotgan “Isuzu” avtobuslari uchun bamperlar, Bulung‘ur tumanidagi “Maroqand sifat” korxonasida sun’iy chim, Urgut tumanidagi “Sam-Nur-Tafviz” qo‘shma korxonasida elektr duxovkalar, Samarqand shahridagi “Samarqand burg‘u asboblari” aksiyadorlik jamiyatida burg‘u koronkalari, “Ideal elektro lyuks” qo‘shma korxonasida gaz plitalari singari import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilgan 1 million 357 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi. Bunda Samarqand shahridagi “Sino”, Urgut tumanidagi “Azia Fiber”, “Sam Negin”, “Al Nazar Orzu”, “Urg Gaz Karpet” korxonalarining hissasi salmoqli bo‘ldi. Bu korxonalar tomonidan bugungi kunda sovutkich va muzlatkichlar, poliester va silikon tola, polimer yelim, sintetik ip va rezinali kovralon mahsulotlari xorijga eksport qilinmoqda.

Dasturda belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi natijasida shu paytga qadar 16,6 million dollar iqtisod qilindi. Korxonalarga berilgan soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari hisobiga 4,3 milliard so‘m mablag‘ tejalishiga erishildi. Iqtisod qilingan mablag‘lar korxonalar investitsiya salohiyatini oshirish, ishchi-xodimlarni moddiy rag‘batlantirish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulot narxini kamaytirishga yo‘naltirilmoqda.

– Mahalliylashtirish dasturida besh loyiha bilan qatnashmoqdamiz, – deydi “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Ilhom Xalilov. – Import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlari, sport inventarlari, tibbiyot jihozlari, sport qayiqlari va interaktiv doskalar ishlab chiqaryapmiz. Bu yil dastur asosida 6 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlashni rejalashtirganmiz. Shunga mos tarzda tejaladigan mablag‘ miqdori ham avvalgi yillarga nisbatan oshadi. Ayni paytda viloyatimizdagi “JV MAN AUTO UZBEKISTAN” qo‘shma korxonasi tomonidan 2016-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan avtobusning yetmishdan ortiq ehtiyot qismini mahalliylashtirish dasturi asosida korxonamizda tayyorlash va yetkazib berish mo‘ljallangan.

Mahalliylashtirish dasturi loyihalarining amalga oshirilishi natijasida yilning o‘tgan davrida viloyatda 300 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi.