Turkiya adliya vaziri Bekir Bozdag‘ Bursa va Istanbuldagi portlashlarni terakt, deb baholadi.
Chorshanba kuni mahalliy hukumat Bursada qamoqxona avtobusida portlash sodir etilgani haqida xabar tarqatgan edi. Ushbu qo‘poruvchilik bir kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bursa gubernatorining bayonot berishicha, avtobusga qo‘lbola portlovchi qurilmasida hujum uyushtirilgan. Payshanba kuni ertalab Istanbulda Gaziosmanpasha tumanidagi Yoshlar jamg‘armasi joylashgan bino yaqinida ham portlash amalga oshirildi. Bu yerda ham qo‘lbola portlovchi qurilma parchalari topilgan.
"Huquqni himoya qilish organlarimiz qidiruvni davom ettirmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular muhim natijalarni qo‘lga kiritgan. Ikkala portlashda ham bir xil usuldan foydalanilgan. Bu qo‘poruvchilik sodir etilganini bildiradi", - deya keltiradi vazirning so‘zlarini A Haber telekanali.