Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Burhoniddin Margʻinoniy qirq ulamo va olimni oʻziga ustoz bilgan
08:10 / 2020-09-23


Mangʻitlar sulolasining yangi hukmdori, Xivadagi ilk kasalxona va tariximizdagi 23-sentabr sanasi bilan bogʻliq boshqa voqealar bayoni.

1123-yil (bundan 897-yil oldin) – buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abdul-Jalil al-Fargʻoniy ar-Rishtoniy al-Margʻinoniy tavallud topdi (vafoti 1197-yil). Ilmiy adabiyotlarda ul zotning tugʻilgan yili borasida ixtiloflar mavjud. Ayrim adabiyotlarda bu sana milodiy 1117-yil qilib koʻrsatilsa, ayrimlarida 1118 hamda 1123-yillar qayd etiladi. Bu oʻrinda “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobining 1999-yilgi nashri asos qilib olindi.

Burhoniddin Margʻinoniy Qurʼoni karim, hadis, fiqh ilmlarini chuqur va mukammal oʻrganganligi va bu borada oʻz davrining yetuk peshvosi boʻlgani bois Burhoniddin, yaʼni “din isboti”, “din dalili” ismi bilan mashhur boʻlgan. Mashhur fiqhshunos olimning bizgacha 4 asari yetib kelgan, xolos. U olijanob insoniy fazilatlariga ega, kamtarin va xokisor zot boʻlgan. Oʻzining “Kitob al-mashoyix” asarida 40 nafar ulamo, olimlarni oʻziga ustoz deb koʻrsatadi. Allomaning qator salohiyatli shogirdlari boʻlgan.

Burhoniddin Margʻinoniy musulmon dunyosiga buyuk fiqhshunos olim sifatida tanilib, uning “Hidoya” asari bir necha asrlar davomida jamiyatda huquqiy normativlarni oʻrganishda katta rol oʻynagan. Buyuk fiqhshunos olim, ulugʻ vatandoshimiz xotirasiga ulkan ehtirom koʻrsatilgan holda 2000-yil mamlakatimizda hijriy sana boʻyicha uning 910-yilligi keng nishonlandi.

1860-yil (bundan 160-yil oldin) – Buxoro amirligi taxtiga Amir Nasrullohning oʻgʻli Amir Muzaffarxon oʻtirdi. Amir Nasrullohdan u vafot etganda yolgʻiz oʻgʻil – Muzaffariddin qolgan edi. Biroq amir Nasrulloh oʻlimi oldidan Buxoro toju taxtini yolgʻiz oʻgʻli Muzaffariddinga emas, balki koʻp sonli nevaralaridan biriga vasiyat qilib qoldiradi. Biroq Buxoro amirligi taxtini Amir Muzaffarxon egallaydi.

1873-yil (bundan 147-yil oldin) – Shahrisabzda Buxoro amiri Muzaffar va Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman oʻrtasida shartnoma imzolandi. 1873-yilgi ushbu shartnomaning 6-moddasiga muvofiq, rus savdogarlariga tegishli Rossiyadan Buxoroga kelayotgan yoki Buxorodan Rossiyaga ketayotgan barcha tovarlardan 2,5 foiz miqdorda zakot olish belgilandi.

1913-yil (bundan 107-yil oldin) – Xiva shahrida kasalxona ochilib, u Asfandiyorxon marxamati bilan Imperator oʻgʻli knyaz Aleksey Nikolayevich nomi bilan ataladigan boʻldi. Unda ishlash uchun Saratov guberniyasidan doktor Ansimov va ayollarni davolashga Fargʻonadan doktor Asfandiyarovalar chaqirildi. Xonlikda kasalxona ochilishini aholi yaxshi kutib oldi va unda davolanuvchilar tezda koʻpayib ketdi.

Kasalxona ochilishi munosabat bilan Asfandiyorxon Turkiston general-gubernatori nomiga quyidagi telegrammani joʻnatdi: “Siz hazrati oliylariga shuni maʼlum qilamanki, men tomondan Xivada martabasi oliy taxt vorisi, buyuk knyaz Aleksey Nikolayevich nomiga qurilgan kasalxona shu yilning 23-sentyabrida, general-mayor S.Seyl, ulamolar va amaldorlar ishtirokida, meditsina xizmati koʻrsatish uchun ochildi”.

Xivadagi kasalxonaning ochilish marosimida qatnashgan tarixchi Bayoniy bu haqda shunda yozgan edi: “Ushbu yil zulqaʼda oyida dorushshifo, yaʼni duxturxonaning binosi itmomga yetdi. Xon hazratlari onda yaxshi toʻy berib, tamomi ulamo va tamomi toʻralar, beklar va tamomu amaldoru oqsoqollar va tamomi elni daʼvat etdilar va Rusiya duxturlaridan ikki duxturni talab etib kelturmish erdilar”.

1932-yil (bundan 88 yil oldin) – hujjatli kino rejissiyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Soli Davlatov dunyoga keldi. U “Beruniy”, “Aljabr – algebra” kabi bir qancha filmlarni suratga oldi. Uning “Surxon tongi” filmi 1985-yili Riga kinofestivalida bosh sovrinni qoʻlga kiritdi.

1992-yil (bundan 28 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

1998-yil (bundan 22 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyning 190-yilligini nishonlash toʻgʻrisida” Qaror qabul qildi.

2013-yil (bundan 7 yil oldin) – havo kemalari xalqaro parvozlari uchun Andijon, Namangan, Fargʻona, Qarshi va Termiz shahri aeroportlari ochildi.

2013-yil (bundan 7 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 28 moddadan iborat.

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi