Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Burchimullo” da bolalar miriqib hordiq chiqarmoqda
17:42 / 2020-07-06

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Burchimullo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida bolajonlar maroqli dam olmoqda.


“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Burchimullo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida bolajonlar maroqli dam olmoqda.

Bu yilgi yoz mavsumi pandemiya davriga toʻgʻri keldi. Shu bois joriy etilgan karantin tartiblariga koʻra dam oluvchilarning soni ham keskin kamaytirildi. Oʻtgan yili har bir mavsumda 320 nafar soha farzandlari dam olgan boʻlsa, bu yil ularning soni yuz nafardan ham oshmayapti. Shuningdek, avvallari bolajonlar 8 ta guruhga boʻlingan boʻlsa, bu yildan ularning soni uchtaga qisqartirilib, 5 ta guruhni tashkil etdi.

Taʼkidlash lozimki, asosan temiryoʻlchilar farzandlari yoz mavsumini oʻtkazadigan ushbu oromgohda 1-mavsum ham bolajonlar uchun qiziqarli va bir umr esda qolarli voqealarga boy oʻtdi. Karantin qoidalariga toʻliq amal qilinishi tufayli esa soha farzandlari yana-da sogʻlom boʻlib, ruhan tetik holda uyga qaytdi. Shu bois 2-mavsumga ham borishni xohlaganlar soni koʻp boʻldi. Biroq, ularning xavfsizligi, salomatligi qolaversa, karantin tartib-qoidalari bois navbatdagi mavsumga ham cheklangan dam oluvchilar yuborildi.

Dastlab “Oʻztemiryoʻlmashtaʼmir” unitar korxonasi hududida 2-navbatga boradigan temiryoʻlchilarning 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan farzandlari yigʻilib, tibbiy koʻrikdan oʻtishdi va ularning hujjatlari rasmiylashtirildi.

–Covid-19 pandemiyasi tufayli oromgohga boradigan bolalar soni keskin kamaytirildi, – deydi Yoʻl bolalar shifoxonasi shifokori Dilfuza Iskandarova. – Oromgohning 2-bosqichiga 100 nafar bolajonlar joʻnatilmoqda. Ularning tibbiy koʻrik jarayonida ham belgilangan tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilishi, ijtimoiy masofa saqlashi taʼminlanib, har birining tana harorati oʻlchandi. Bolajonlarga safar oldidan himoya niqoblari berilib, qoʻllari antiseptik vositalar bilan yuvildi. Oromgohda ham 1 ta shifokor va 2 ta hamshira dam oluvchilar sogʻligini nazorat qilib, bir kunda 4 marotaba niqoblarini yangilab, ikki marotaba tana haroratini oʻlchashadi.

Soha xodimlari farzandlarini oromgohga joʻnatish oldidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish yana-da kuchaytirildi. 2-mavsumga borish oldidan bolajonlar tarmoqning Yoʻl bolalar shifoxonasi hamda Markaziy sanitariya epidemiologiya stansiyasi mutaxassislari tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Covid-19 ga ham analiz topshirishdi. Shundan soʻng maxsus avtobuslarda Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasining Toshkent mintaqasi temir yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan “Burchimullo” oromgohiga xavfsiz yetkazildi.

Temiryoʻlchi farzandlari baland togʻlar orasidagi, yashillikka burkangan oromgohga yetib kelgach, 20 nafardan guruhlarga boʻlinib tarbiyachilar nazoratida dam olish maskanlariga joylashdi. Nonushtadan soʻng oromgoh boʻylab tanishuv sayohati tashkil etildi. Mevali va manzarali, yam-yashil daraxtlar, soya salqin dam olish maskanida bolajonlar 2-mavsumni boshladi.

Bu yerda bolalar salomatligi, tozalik-orastalik, ovqatlanish tartibi shifokorlarning doimiy nazoratida. Ularning hordiq chiqarishi, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Vitaminlarga boy oziq-ovqatlar, quritilgan mevalardan tayyorlangan sharbatlar muntazam berib boriladi. Turli madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy va sport tadbirlari esa dam oluvchilarni yana-da chiniqtirib, mazmunli hordiq chiqarishiga zamin yaratadi.

Eʼtiborlisi dam oluvchilarning har bir guruhi antiseptik va dori vositalar hamda himoya niqoblari bilan yetarli darajada taʼminlanmoqda. Ijtimoiy masofa oshxonada ham saqlanmoqda va har bitta stolda odatda 4 nafar, uzun stollarda esa 10 nafargacha bola oʻtirishi kerak boʻlsa, pandemiya tartibi qoidalariga amal qilinib, bu safar ikkitadan oʻtirmoqda. Bolajonlarga beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari ham toʻliq shifokorlar nazoratida.

Oromgoh ozodaligiga ham alohida ahamiyat qaratilib, har bir hududi, dam olish xonalari va oshxonalar bir kunda 2 marotaba dezinfeksiya qilinmoqda. Yana bir muhim jihati, bu yil karantin tufayli ota-onalarning farzandlarini koʻrgani kelishi va oromgohga kirishiga ruxsat berilmaydi. Chunki bu yerda mavsum boshlanganidan soʻng bolajonlarni sogʻligʻini saqlash huquq-tartibot organlari tomonidan qatʼiy nazoratga olinib, begonalarning kirib-chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Faqat oziq-ovqat mahsulotlarini kiritilishiga va favqulodda holatda bemorlar boʻlsagina chiqarishga ruxsat beriladi.

–Oʻtgan yilgi mavsumda odatda bitta guruhda 45 nafargacha bolajonlar boʻlardi, biroq pandemiya tufayli belgilangan tartibga koʻra ularning sonini bu yil 20 nafardan oshirmayapmiz, – deydi oromgohning 4-guruh tarbiyachisi Feruza Elmurodova. – Dam olish maydonlarida, guruh boʻlib harakatlanganda va oshxona hamda yotoqxonalarda ham bolajonlarning masofa saqlab yurishlariga katta ahamiyat qaratilmoqda. Yotoqxonalarning har birida odatda 10-12 nafar bolajonlar yotgan boʻlsa, bu yil ularning soni 4 nafarni tashkil etib, masofa saqlagan holda dam olishlari taʼminlangan. Shuningdek, ularga 4 mahal sifatli vitaminlarga boy meva-cheva mahsulotlari va koloriyalik xilma-xil issiq ovqat berilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda oromgohda 12 kun mobaynida dam oladigan bolalar ham ruhan, ham jismonan sogʻlomlashtirilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Turli yoshdagi bolalar uchun sportning basketbol, tennis, shashka va shaxmat, yugurish hamda arqon tortish turlari boʻyicha musobaqalar ham tashkil etilmoqda.

Rustam HAYDAROV