Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunyodkorliklar Navro‘zi olamni obod mahallada kutib olishdi
21:47 / 2022-03-22

Ezgulik va nafosat ayyomi Navro‘zi olam Namangan viloyatining Yangi Namangan tumani Bunyodkor mahallasida zo‘r tantana, ulkan yutuqlar bilan ko‘tarinki ruhda nishonlandi.

Mahalla guzarida o‘tkazilgan bayram tadbirida bayram dasturxoni yozilib, ehson qilindi. Mahalla hududida joylashgan ehtiyojmand, e’tiborga muhtoj oilarning 10 nafar jajji farzandlarining sunnat to‘yi ham o‘tkazildi.
Bayram tadbirida o‘tgan bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Bunyodkorliklar o‘z hududini o‘z nomiga munosib tarzda chinakamiga bunyodkorlik manziliga aylanganligini g‘urur va iftixor bilan tilga oldilar.
– Namangan shahridan 18 kilometr uzoqda joylashgan, ancha yillardan beri e’tibordan chetda qolgan mahallamiz qisqa vaqt mobaynida bajarilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida obod va ko‘rkam maskanga aylandi, – deydi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jobirxon Alixonov. – Prezidentimizning 2021 yil fevral oyida viloyatimizga tashrifi chog‘ida mahallamizga kelib, odamlar uchun zarur turmush sharoitlarini yaratish bo‘yicha bergan  topshirig‘i asosida mahalla idorasi va guzari qayta qurildi. Yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etildi. 94 milliard so‘m mablag‘ evaziga yo‘llar qayta ta’mirlandi. 130 milliard so‘mlik loyiha bilan nafaqat o‘zimizni, balki 24 ta mahallani ichimlik suvi bilan ta’minlovchi 20 kilomterlik tarmoq quvurlari tortilmoqda. Odamlarimiz yurtimizdagi inson qadri uchun bo‘layotgan islohotlar samarasini his etmoqda.
Bunyodkor mahallasida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda “Qishloq qurilish invest” tomonidan qurilayotgan 100 ta xonadonli, ko‘p qavatli beshta uyning uchtasi o‘z egalariga topshirildi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, uy-joyga muhtoj oilalar uchun 60 xonadonli 3 ta 5 qavatli uy-joy ham qurilmoqdaki ular bitishi bilan 280 ehtiyojmand oila zamonaviy uy-joyga ega bo‘ladi. Bu joyda turar-joydan tortib, maktab, bolalar bog‘chasi, shifoxona kabi ijtimoiy soha ob’ektlarini o‘z ichiga olgan “Yangi O‘zbekiston” massivi vujudga keladi. Yangi massivda 50 ta ko‘p qavatli uy barpo qilinadi. Darvoqe, yangi foydalanishga topshirilgan uylarning 12 tasi boshlang‘ich badali kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor, imkoniyati cheklangan kishilar uchun davlat tomonidan qoplab berildi.
Namanganning o‘sish nuqtasi sanalgan kichik sanoat zonalari Bunyodkor mahallasiga ham kirib bordi. Mahalla nomi bilan tashkil qilingan mazkur sanoat hududida umumiy qiymati 25 milliard so‘mni tashkil etuvchi 4 ta istiqbolli loyiha foydalanishga topshirildi. E’tiborlisi shundaki, hech qanday bank kreditlarisiz, tadbirkorlarning shaxsiy mablag‘lari bilan amalga oshirilgan qurilish ishlari natijasida bir-biridan ko‘rkam ishlab chiqarish binolari qad rostladi. Natijada 500 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
“Bunyodkor” mahallasida joriy etilishi ko‘zda tutilayotgan “raqamli mahalla” tizimining dastlabki qadamlari qo‘yilib, mahalla fuqarolar yig‘ini binosida yangi zamonaviy ta’mirlangan, mebel, kompyuter va orgtexnika qurilmalari bilan jihozlangan “IT-School” o‘quv markazi ish boshladi. Markaz 20 ta kompyuter bilan jihozlanib, bir kunda 60 o‘quvchini qamrab olish orqali bir oyda 120, bir yilda esa 1320 nafar o‘quvchining boshlang‘ich kompyuter savodxonligini oshirish, shuningdek, chuqurlashtirilgan dasturlash kurslarida 80, jami 1400 nafar yoshlarni jalb etish imkonini beradi. Mahalla guzarida “Yangi O‘zbekiston — yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasining filiali ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda badiiy, ilmiy va ommabop jami 4 mingtaga yaqin adabiyotlar mavjud.
Mahalladagi Navro‘z saylida yoshlar ishtirokida turli xil madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sahna ko‘rinishlari,  milliy sport o‘yinlari namoyish etildi. Bahoriy taomlar bilan bezatilgan bayram dasturxoni atrofida yig‘ilganlar shunday dorulomon kunlarga yetkazganiga shukronalik keltirib, yurtimizda tinchlik,  fayzu baraka bardavom bo‘lishini tilab duo qilishdi. 
Bayram tadbirida Yangi Namangan tumani hokimi va sektor rahbarlari ishtirok etib, mahalla ahliga samimiy tilaklarini bildirdi.

[gallery-6264]

Oqilxon Dadaboyev, 
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA