bugungi kun dunyodagi global xavf-xatarlar va muammolar asnosida yuzaga kelgan murakkab sharoitda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan zamonamizning dolzarb muammolarini hamjihatlikda hal etish mumkin.
SHHTning Samarqand sammiti arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maqolasida bildirilgan fikrlarda yigirma yillik tarixan qisqa davrda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqaviy tashkilot sifatida global jarayonlarga ta’sir qila oladigan tuzilmaga aylanayotgani bayon etilgan.
Shuningdek, SHHT mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish borasida muhim o‘rin egallayotgani ta’kidlangan.
SHHT ulkan geografik makonni qamragan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot. Eng asosiysi SHHT turli bloklardan xoli bo‘lib, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagan.
Prezidentimiz ham o‘z maqolasida bunga alohida urg‘u berib, SHHT barcha ishtirokchilarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga asoslanganini qayd etgan.
Tashkilot ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surmoqda, bunda transport, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim strategik yo‘nalishlar asosiy muhokama markazida bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani bajarish davomida asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi. “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi” shiori ostida tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlar uchun jozibador bo‘lishiga erishish borasida o‘tkazilgan yirik tadbirlar doirasida ko‘plab muhim masalalar ko‘rilib, o‘ttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlar ishlab chiqilishiga asos bo‘ldi.
Mamlakatimizning SHHTga raisligi davomida erishilgan yutuqlar yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning natijasidir. Ayniqsa, bugungi kunda o‘rnatilgan yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi SHHTning geografik o‘zagiga aylanmoqda. Bu jarayonda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik – Afg‘onistonni rivojlantirish, afg‘on xalqiga ko‘mak berish masalalariga katta e’tibor berilmoqda.
Bugun Samarqand shahri jahonning o‘n to‘rtta mamlakati yetakchilarini SHHT va unga a’zo har bir davlatning taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor.
Davlatimiz rahbari SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la olishi, tashqi siyosat bobida ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga xizmat qiluvchi platformaga aylana olishiga ishonch bildirdi.
SHHT hayotining yangi bosqichini boshlab beruvchi Samarqand sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy hamda global miqyosda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda kuchli ta’sirga ega bo‘lishida, Prezidentimiz tomonidan qo‘yilayotgan maqsadlar sari amaliy ishlarni izchil davom ettirilishida O‘zbekiston siyosiy doiralarining ham kamarbasta ekanligini bildiramiz.
Dilorom FAYZIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar va parlamentlararo
aloqalar qo‘mitasi raisi
O‘zA