Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunyodkorlik – taraqqiyot omili
12:13 / 2024-02-28

Munosabat

Kishilik jamiyati ravnaqining barcha davrlarida bunyodkorlik ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlab turgan asosiy omillardan biri bo‘lib kelgan. Jamiyat rivojining burilish nuqtalarida, ayniqsa, keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlar davrida bu holat yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Bunyodkorlik bilan yo‘g‘rilgan sa’y-harakatlarning intensivlashuvi, fuqarolarning bunyodkorlik sari safarbar qilinishi pirovardida islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Biroq bunyodkorlik stixiyali ravishda, tasodifan erishiladigan mahsul emas. U chuqur o‘ylangan va puxta rejalashtirilgan ijtimoiy dastur natijasida vujudga keltiriladigan kayfiyat, ijtimoiy harakatdir. “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida” amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturini mohiyatan ana shunday bunyodkorlikni uyg‘otadigan ijtimoiy dastur sifatida baholash mumkin.

Dasturda ko‘zda tutilgan barcha chora-tadbirlar bunyodkorlikni qudratli ijtimoiy harakatga aylantirish maqsadiga bo‘ysundirilgani bilan e’tiborni tortadi. Xususan, uning yoshlar salohiyati, iste’dodi va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan choralari yigit va qizlarni innovatsion faoliyatga jalb qilishga, ularni yangi g‘oyalar va texnologiyalar yaratuvchisiga aylantirishga xizmat qiladi. Dasturning yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirishga qaratilgan choralari ularni jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylantiradi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida” amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturining “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish” yo‘nalishi doirasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu chora-tadbirlar mamlakatimizda inson kapitalini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi, bunyodkorlik faoliyati bilan mashg‘ul jamiyat a’zolari davrasini kengaytirishi shubhasiz. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan choralar esa barcha tabaqa vakillarini ushbu davra ishtirokchisiga aylantiradi. Nihoyat, dasturning “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash” yo‘nalishi doirasidagi choralari yurtdagi bunyodkorlik ishlariga tendensiyaviy tus beradi.

Dasturda belgilab berilgan vazifalar mamlakat ziyolilari, ta’lim tizimi vakillari zimmasiga ham qator mas’uliyatni yuklamoqda. Jumladan, ta’lim tizimining intellektual imkoniyatlaridan foydalangan holda yoshlarda innovatsion va kreativ tafakkurni shakllantirish, ma’naviy tarbiya samarasini oshirish orqali yigit va qizlarni milliy va ijtimoiy manfaatlarga xizmat qiladigan komil fuqaro sifatida voyaga yetkazish, ijtimoiy hayotning turli sohalariga tatbiq etiladigan ilmiy ishlanmalarni yaratish masalalari har qachongidan ham dolzarb tus olmoqda. 

Aminmizki, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida” amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturining ro‘yobga chiqarilishi Yangi O‘zbekistonni barpo etish sari qo‘yilgan katta odim bo‘ladi.

Dilmurod Nabiyev,

Qarshi davlat universiteti rektori, professor.

O‘zA