Qurilish tarmog‘i Navoiy kon-metallurgiya kombinatida rivojlanib borayotgan yetakchi sohalardan biri hisoblanadi. Bugun ular qurayotgan inshootlar chinakam bunyodkorlik namunasi bo‘lib, yurt taraqqiyoti, kombinat ravnaqi, xalq farovonligiga xizmat qilmoqda. Ular orasida yurt qorako‘zlarining o‘z kuchi bilan investitsiya loyihalari asosida bunyod etilayotgani zamonaviy sanoat industriyasi, ya’ni, gidrometallurgiya zavodlari, kon va shaxtalar, temir yo‘l, ko‘prik va avtomobil yo‘llari, ijtimoiy soha ob’ektlari Yangi O‘zbekistonning yangi sahifasini yaratmoqda.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ bosh direktorining investitsiyalar va kapital qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Bahronov amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida gapirib berdi.
– Quruvchilik – sharafli kasb. Uning yuki qanchalik zalvorli ekanini, ulkan mas’uliyat va mashaqqat talab etishini yaxshi bilamiz. Quruvchi bo‘lish yoki qurilish degani bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qoladigan oson ish emas. Unda har bir qadam – loyihani mukammal ishlab chiqishdan tortib, tamal toshi qo‘yishgacha e’tibor, mahorat, tajriba, fidokorona mehnat talab etadi. Bundan tashqari, sohamizda sifat va samaradorlik biz uchun birinchi o‘rinda turadi. Chunki, yo‘l qo‘yilgan oddiy bir xato ham kelgusida katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, ishni pishiq-puxta amalga oshirish doimiy diqqat-e’tiborimizda.
Ayni paytda investitsion loyihalar asosida olib borayotgan qurilishlarimiz hazilakam ish emas. Barchasi yirik loyihalar hisoblanadi. Quruvchilarimiz buni chuqur his etib, ulkan loyihalarni tez va oz muddatda uddalayotgani va so‘nggi yillarda amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari buning yaqqol isbotidir.
Shu o‘rinda, o‘tgan tarixga yuzlansak. Yaqin o‘n yillargacha bu kabi loyihalar faqat chetdan ko‘mak asosida bajarilgan. Bugun esa bundan to‘la voz kechib, barchasini o‘zimizning quruvchilarimiz bajaryapti. Chunki bundan o‘n besh yil avval rahbariyat tomonidan biz - quruvchilar oldiga bundan keyin barcha katta-kichik loyihalarni o‘z kuchimiz bilan o‘zimiz quramiz, degan bosh vazifa qo‘yilgan edi. Bu biz uchun yuksak mas’uliyat, majburiyat va bildirilayotgan katta ishonch edi.
2010 yilda 4-gidrometallurgiya zavodi va 2011 yilda “Muruntov” konida jahonda yagona bo‘lgan tik-qiya konveyerini o‘zimiz bunyod etdik. Mana shu ikkita ulkan loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi. Undan keyin ham qanchadan-qancha qurilishlar amalga oshirilmadi, deysiz.
Shunga mos ishimiz mazmunini ham o‘zgartirdik. Birinchi galda “ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur”, degan naqlga amal qilib qurilish tashkilotlarimiz parki zamonaviy qurilish texnikalari hisobiga mustahkamlandi va hozirda 500 ga yaqin texnikalar mavjud. Bu imkoniyatlar ishimiz sur’atini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Keyingi o‘n yillikdagi yana bir e’tirofga arzirli ishimiz bu – qurilish materiallarini korxonamizning o‘zida ishlab chiqarilayotganidir. Bu, birinchidan, ob’ektlar qurilishi xarajatlarini sezilarli pasaytirish, mablag‘ni iqtisod qilish, ikkinchidan, qurilish maydonlariga ehtiyojdagi materiallarni yetkazib berishda uzilishlar bo‘lmasligi, uchinchidan, yangi sexlar tashkil etish hisobiga yoshlarimiz uchun ish o‘rinlari yaratishga imkon yaratdi.
Buning natijasida hozirda o‘zimizda 24 turdan ortiq qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, temir-beton, metall konstruksiyalar, g‘isht, qum, ohak, shag‘al, eshik-derazalar, polietilen quvurlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani korxonamizga katta foyda keltirmoqda. Keyingi yetti yilda 859,1 milliard so‘mlik ana shunday qurilish materiallari ishlab chiqarishga erishildi. Ayni paytda esa ehtiyojdagi mahsulotlar turini bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish choralarini ko‘ryapmiz. Ishimiz hajmi, sur’ati shunga mos yildan-yilga o‘sib bormoqda. Misol uchun, 2022 yilda umumiy qiymati 486 million dollarlik ish bajargan bo‘lsak, 2016 yilda bu ko‘rsatgich atigi 189,6 million dollarni tashkil etgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, kombinat hayotida katta qiymatga ega Investitsiya dasturi alohida o‘rin tutadi. 2017-2022 yillarda ushbu dastur asosida 28 investitsiya loyihalarini amalga oshirganimiz, shu yillar davomida kombinat homiyligida o‘nlab ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etganimiz sohamiz rivojidagi ulkan qadam bo‘ldi va kombinat solnomasida yangi sahifa ochdi. Jumladan, 5-, 6-, 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining “B” bloki, yangi ochilgan “Turbay”, “Balpantov” va “Tomdibuloq” konlarini gidrometallurgiya zavodlari bilan bog‘lovchi 82,6 kilometrlik temir yo‘l, Zomin tumanida “NKMK” sanatoriysi, Zarafshon shahrida favvoralar sayilgohi, Uchquduq tumanida “Oltinko‘l” dam olish majmuasi va boshqa ob’ektlar buning dalilidir. Bu kabi ishlarimiz kon-metallurgiya sohasida katta yangilik, bunyodkorlik yo‘lida esa ulkan qadam bo‘ldi.
Quruvchilarimiz amalga oshirayotgan yuksak darajadagi bu ishlarni, o‘zgarishlar nafasini ko‘rib nafaqat yurtdoshlarimiz, balki kombinatga kelayotgan xorijlik mehmonlar ham ko‘p ming kishilik jamoamiz ishiga, qurilish sohasidagi yutuqlarimizga tan bermoqda. Sohada ancha ilgarilab ketganimizni e’tirof etmoqda. Bu, hech qanday balandparvoz gaplar emas, aksincha, aniq natija, amalda bor narsalar.
Misol uchun, 5-gidrometallurgiya zavodini olaylik. Uni yangi asrning haqiqiy bunyodkorlik namunasi, desak ham bo‘ladi. Zavodning zamonaviy qiyofasi, uning o‘ziga xos yechimlarini ko‘rib havasingiz keladi. Ulkan ishlar qisqa davrda, belgilangan muddatdan oldin bajarildi. Bu, shak-shubhasiz, cho‘l injiqlariga qaramay yelkama-yelka ishlagan quruvchilar, mutaxassis va muhandislarning matonatli mehnati, orttirgan tajribamiz mahsulidir. Eng asosiysi, so‘nggi yillarda barpo etgan har bir inshoot qurilishi soha uchun ulkan yangilik, katta tarixdir. Ular har biri haqida soatlab gapirsak, tom-tom asarlar yozsa arziydi.
Yoki har gal xizmat safariga borganda, Zarafshon shahri, Uchquduq tumani markazi, Zarkent qo‘rg‘oni va boshqa hududlarda hamkasblarimiz, ular oilasi, farzandlari, mahalliy aholi vakillari biz qurgan ijtimoiy soha ob’ektlari – favvoralar, madaniyat va istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, sanatoriylarda dam olayotgani, ularning quvonchi va shukronaligini ko‘rib, shunday xayrli ishlarning boshida turgan kombinatdan mamnun ekanliklarini sezaman. Bu ham xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi yutuqlarimizdan biridir.
Xalqimizda: “Yaxshi dam – mehnatga hamdam”, degan ajoyib naql bor. Nafaqat ishlab chiqarish sur’atini oshirib borish, balki hamkasblarimiz, ular oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish ham doimiy e’tiborimizda.
Bugungi kunda kombinatda Kapital qurilish boshqarmasi, Investitsiyalar boshqarmasi, kon boshqarmalarida qurilish bo‘limlari, Zarafshon qurilish boshqarmasi, uning tasarrufidagi 3 ta qurilish-montaj boshqarmasi hamda 1 ta qurilish tresti mavjud bo‘lib, ularda 3,5 ming nafardan ziyod quruvchi-muhandislar mehnat qilmoqda. Ular safida yuzlab yoshlar va xotin-qizlar vakillari ham fidokorona mehnat qilmoqda. Albatta, jamoamizda fidokorona mehnat mahsulini ko‘rish, bayramlarga munosib tuhfa hozirlash, ayyomlarni keng nishonlash an’ana tusiga kirgan. Ayni paytda quruvchilarimiz o‘zlarining sharafli kasb bayrami va O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligini yorug‘ yuz, e’tirofli yutuqlari bilan kutib olmoqda. Bugungi quvonchli kunlar arafasida hamkasblarimiz bilan birgalikda eng ulug‘, eng aziz bayramga munosib sovg‘a hozirladik. Jumladan, 6-gidrometallurgiya zavodi, “To‘dako‘l” dam olish bazasida xalqaro shaxmat maktabi, Zarafshon shahrida 504 o‘rinli ixtisoslashtirilgan maktab-internati foydalanishga topshirish uchun to‘liq shay holga keltirildi.
Har bir sohaning o‘z jonkuyarlari bo‘ladi. Bugun safimizda butun umrini sharafli kasbga bag‘ishlagan fidoiylar ko‘p. Ular o‘z mehnati bilan kombinat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelyaptiki, buni e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q. Hamkasblarimiz fidokorona mehnati doimiy tarzda rag‘batini topib kelmoqda. Keyingi yillarda Zarafshon qurilish boshqarmasi boshlig‘i A.Eshonqulov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” unvoni, Investitsiyalar boshqarmasi boshlig‘i N.Ro‘ziyev va mehnat faxriysi V.Kapanadzelar “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangani buning isboti va bu kombinat quruvchilarining fidokorona mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Qurilish sohasida bundan keyin ham marrani katta olganmiz. Jumladan, Investitsiya dasturi doirasida qiymati 513,5 million dollar bo‘lgan 12 ta loyiha jadal suratlarda olib borilmoqda. Uning 155,8 million dollari qurilish-montaj ishlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, hali oldimizda qiymati 390 million dollar bo‘lgan “Muruntau” konini o‘zlashtirish (V-navbati) 2-bosqichi va qiymati 55 million dollar bo‘lgan “Yangi Davon-Toshkon konlarida ma’dan qazib olish majmuasini qurish” kabi loyihalarni 2026 yilgacha amalga oshirishdek istiqboldagi ishlar turibdi. Bu, marralar bizga yanada ko‘tarinki kayfiyat, kelgusi rejalar va vazifalarni astoydil bajarishga g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, qadrli hamkasblarimizni O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni bilan tabriklayman.
Abdumajit Jo‘rayev,
“NKMK” AJ matbuot xizmati rahbari
O‘zA