Surxondaryo viloyatidagi “Termiz-Tezkor Qurilish” xususiy korxonasi hududda olib borilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlarida munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Jumladan, Termiz shahri, Muzrabot va Denov tumanlarida korxona tomonidan zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar, o‘ndan ortiq ma’muriy bino va maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari bunyod etilgan.
Jamoaga buyurtmalarning turdosh korxonalarga qaraganda ko‘p bo‘lishi va ob’ektlarning tez, sifatli qurib bitkazilishidagi asosiy yutuq – ishlab topilgan mablag‘ning sof foydasidan katta qismi mahalliy xomashyolardan qurilish sanoatida asqatadigan materiallar ishlab chiqarishga yo‘naltirilganidir. Korxona tomonidan ayni maqsadda 2 ta pishiq g‘isht, 2 ta beton g‘isht, tom yopuvchi plitalar, lotoklar, bordyur, 2 ta yo‘lak bop plitalar, alyumin va plastik romlar, MDF eshiklari, turli xildagi mebellar, beton tayyorlaydigan ixcham zavod, pardozbop bo‘yoqlar, gazoblok kabi ishlab chiqarish sexlari tashkil qilindi. Bu sexlarda tayyorlanayotgan mahsulotlarni nisbatan arzon va sifati maqbulligi bois o‘nlab qurilish tashkilotlari ham xarid qilmoqda.
[gallery-19753]
Shu kunlarda “Termiz-Tezkor Qurilish”ning katta jamoasi viloyat markazidagi A. Navoiy va I. Karimov ko‘chalarini asfaltlash, Termiz davlat universiteti uchun 1 yarim ming o‘rinli o‘quv binosi, “Tuproqqo‘rg‘on” MFYda 4 ta ko‘p qavatli, So‘fi Olloyor ko‘chasida 17 ta ikki qavatli uy-joylarni bunyod etish va belgilangan muddatda topshirish uchun bel bog‘lagan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA