Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunyodkorlik manzaralari
10:30 / 2025-03-02

Azimobodning ahdi qat’iy odamlari

Bunyodkor insonlar qadami yetgan joy bog‘u bo‘stonga aylanishini Oltiariq tumanining “Azimobod” mahalla fuqarolar yig‘ini misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.  

Tarixi o‘tgan asr o‘rtalariga borib taqaladigan bu go‘sha Markaziy Farg‘ona cho‘liga tutashib ketgan. Qisqa davrda odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan cho‘lu biyobon bag‘rida zamonaviy qishloqning bunyod etilishini mahalla ahlining fidokorona mehnati samarasi, deyish mumkin.

Bugun Azimobodga kelgan mehmonlar keng va ravon ko‘chalarni, oltiariqliklarga xos bo‘lgan uzum toklarini, mevali va manzarali daraxtzorlarni, ko‘rkamlikda bir-biridan qolishmaydigan zamonaviy uy-joylarni ko‘rib, bu yerda azmu shijoatli insonlar yashashini darrov payqaydilar.  

O‘tgan yili tumandagi 2-sektor rahbari va MFY faollari tashabbusi bilan qator ibratli ishlar amalga oshirildi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi  doirasida qishloqning 4 km ichki yo‘llari asfalt qilindi. MFY binosi bunyod etilib, “mahalla yettiligi” samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, hashar va homiylik asosida hududdagi 22-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun qo‘shimcha bino qurilgani ayni muddao bo‘ldi.

[gallery-22063]

 – Hududimizdagi 26-maktabga qo‘shimcha bino qurish borasidagi rejamiz ham viloyat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangach, ishlar tezlashib ketdi, – deydi “Azimobod” MFY raisi Abdug‘affor Miraminov. – Zamonaviy loyiha asosida qad ko‘taradigan yangi o‘quv binosi qurilishida mahallamiz ahli faol ishtirok etmoqda. Savob ishdan hech kim chetda qolmayapti.

Shuningdek, mahallada jome masjidi qurilishi jadal olib borilmoqda.

Muqimjon QODIROV  (surat), O‘zA