Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunyodkorlik ishlaridan aholi mamnun
17:35 / 2025-11-19

Oxirgi yillar olis hududlarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini izchil rivojlantirish, qishloq va mahallalarni yanada obod qilish, joylarda qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitini shakllantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining turmush darajasini yaxshilash va kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2025 yil 24 iyuldagi “Toshkent viloyatining Angren shahri va Ohangaron, Parkent hamda Bekobod tumanlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hududlarning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. 

Reja bo‘yicha o‘nta maktabgacha ta’lim tashkiloti, uchta umumta’lim maktabi, bitta sog‘liqni saqlash muassasasi hamda o‘n to‘qqizta mahalla fuqarolar yig‘ini binosini qurish va kapital ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Ushbu chora-tadbirlar ta’lim sifatini oshirish, bolajonlar uchun qulay va zamonaviy sharoit yaratish, mahalla tizimini mustahkamlash, shuningdek, aholi uchun ijtimoiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi. 

Jumladan, Qora Qo‘yli mahallasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori qurilishi ham belgilangan. Bu loyiha hududdagi tadbirkorlar, dehqonlar va fermerlar uchun keng imkoniyatlar yaratib, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga ham zamin yaratadi. Bundan tashqari, Oltin Vodiy mahallasidagi bo‘sh yer maydonida Inson ijtimoiy xizmatlar markazi, “Nuroniylar” maskani hamda “Oila va xotin-qizlar” markazi binolarini qurish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 1 avgustdagi tegishli qarori bo‘yicha bu tumanda “Toza hudud” davlat muassasasi chiqindi yig‘ish shoxobchasini barpo etish ishlari ham olib borilmoqda. Bu tashabbus ekologik muvozanatni saqlash, chiqindilarni to‘g‘ri yig‘ish va qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish orqali tumanning ekologik holatini yaxshilashga xizmat qiladi. 

– Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi homiyligida Respublika ishchi guruhi Bekobod tumani hokimligi bilan hamkorlikda Guliston va Istiqlol mahallalari ham keng ko‘lamli obodonlashtirilib, infratuzilmasi rivojlantirilyapti, – deydi Bekobod tumani hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Sobirjon Egamberdiyev. – Ko‘p qavatli uylar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlanib, isitish tizimlari yangilandi. Binolarning tom va fasad qismlari ta’mirlandi. Joylarda bolalar maydonchalari, avtoturargohlar, maishiy va sport maydonchalari qurilishi jadal olib borilmoqda. Yangi bosqichdagi bu ishlarda maqsad ilgari aholi uchun bo‘lmagan bu qulaylik, xavfsiz va zamonaviy yashash muhitini yaratishdir. 

Qurilishi boshlangan “Yangi Bekobod IT Park” loyihasi bu yoshlar o‘z hududidan chiqmasdan turib, raqamli sohada o‘sish, o‘rganish va ishlash imkoni bo‘ladi. Muhimi, joylarda boshlangan ushbu qurilish va ta’mirlash ishlari mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli ijtimoiy islohotlarning amaliy ifodasidir. Bu nafaqat tuman qiyofasini yangilaydi, balki har bir fuqaro hayotiga qulaylik va yangilanish ruhi olib kiradi. 

Bekobod tumani Tibbiyot birlashmasida esa respublika darajasidagi murakkab jarrohlik amaliyotlari samarali o‘tkazilmoqda. Jumladan, bemorning o‘ng jag‘osti so‘lak bezi aralash o‘smasi malakali shifokorlar tomonidan jarrohlik yo‘li bilan olib tashlandi. 

– Amaliyot tuman tibbiyot birlashmasining tajribali mutaxassislari tomonidan yuqori darajada, belgilangan tibbiy standartlarga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirildi. Ushbu muvaffaqiyatli operatsiya tuman shifokorlarining kasbiy mahorati, bilim va tajribasining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi, – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva. – Endilikda Bekobod tumani boshqa yondosh tuman-shaharlar uchun kardioxirurgiya sohasi bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi markaz bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘shni Tojikiston davlatidan ham kelgan insonlarga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

[gallery-26329]

Hududning Mallaboy mahallasi issiqxonalari va dehqonchiligi bilan tumanda eng ilg‘or hududlardan biri sifatida tanilgan. Bu yer aholisi mehnatsevarligi, yer bilan mohirona “tillasha olishi” bilan ajralib turadi. Ular yetishtirgan turli xil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ichki bozorlarni to‘ldirib, aholiga sifatli hosil yetkazib bermoqda. 

Bugun esa mallaboylik dehqonlar yana bir yo‘nalishda – qulupnay yetishtirishda ham katta tajriba orttirib, ishni samarali yo‘lga qo‘yishgan. Ayni kunlarda issiqxonalarda parvarishlanayotgan qulupnaylar pishib yetilish arafasida. 

A.Musayev, O‘zA.