“Yangi Namangan” shaharchasida keyingi paytlar qurilish va bunyodkorlik ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov olib borilayotgan ish ko‘lamini o‘rganish maqsadida ishchi guruh vakillari bilan manzilda bo‘ldi.
Loyiha doirasida 50 mingdan ortiq xonadonga ega 721 ta turar joy, 28 ta umumta’lim maktabi, 24 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, beshta zamonaviy shifoxona, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi, kutubxona, biznes markazlar va o‘nlab maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Hozirga kelib Namangan davlat chet tillar instituti uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Besh gektar maydonni egallagan ushbu majmua tarkibida 1000 o‘rinli o‘quv binosi, 400 o‘rinli talabalar turar joyi, axborot-kutubxona markazi va faollar zali mavjud.

O‘rganish davomida viloyat rahbari shaharcha hududida qurilayotgan yer osti muhandislik kommunikatsiyalari kollektori holatini ham ko‘zdan kechirdi. “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” buyurtmachiligi asosida, umumiy qiymati 23 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan uch kilometrlik yer osti kommunikatsiya tizimi qurilmoqda.

Viloyat hokimi mazkur loyiha yuzasidan mas’ul mutasaddilar bilan muhokama o‘tkazdi. Qurilish jarayonlarining sifatli va belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazilishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

E’tirof etish joiz, Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, kelajakda shaharchaning zamonaviy va har tomonlama qulay hududga aylantirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA