Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunyodkorlik ishlari avjida
17:14 / 2025-08-09

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy va infratuzilmaviy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar tuman hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda, aholi turmush darajasini oshirish, ta’lim va tarbiya sohasini zamonaviy asosda yangilashga qaratilgan bunyodkorlik ishlari ham yuqori sur’atlarda davom etmoqda.

Ayniqsa, “Chinobod” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik. Bu yerdagi ko‘p qavatli turar-joy binolarining elektr ta’minoti, tabiiy gaz, issiqlik, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlari holati to‘liq o‘rganilib, talabga javob bermaydigan qismlari bosqichma-bosqich ta’mirlanmoqda. Fuqarolar yashaydigan uylar fasadi zamonaviy, ekologik xavfsiz va energiya tejovchi bazalt plitalari bilan qoplanmoqda. Bu nafaqat uylarning tashqi qiyofasini yaxshilaydi, balki issiqlikni saqlab qolish va energiya sarfini kamaytirishga ham xizmat qiladi.

Mahallada sanitariya holatini yaxshilashga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Dudburonlar maxsus texnika vositasida tozalanmoqda, chiqindixonalar ta’mirlanib, yangi tipdagi konteynerlar o‘rnatildi. Bu kabi islohotlar fuqarolar uchun toza va sog‘lom muhit yaratishga qaratilgan bo‘lib, tuman aholisining kundalik hayotida sezilarli farqni yuzaga keltirmoqda.

Tuman hayotida ta’lim va tarbiya maskanlaridagi yangilanishlar ham alohida o‘rin tutadi. Hozirda “Barkamol avlod” bolalar maktabida keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Maktabning tashqi va ichki qismlari, sinf xonalari, yoritish va isitish tizimlari to‘liq yangilanmoqda.  

Bolalarning texnika, san’at, sport va boshqa sohalardagi qobiliyatlarini rivojlantirish uchun maxsus to‘garak xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi. Bu esa, yosh avlod uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratishda muhim qadamdir. Ota-onalar mazkur o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qarshi olmoqda . Chunki har bir ota-ona farzandining salohiyati yuksak muhitda shakllanishini istaydi.

Shu bilan birga, 1-son Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham kapital ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Muassasaning tashqi va ichki qiyofasi tubdan yangilanmoqda, zamonaviy talablarga javob beradigan infratuzilma barpo etilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar natijasida bolalar xavfsiz, qulay va erkin muhitda ta’lim-tarbiya olish imkoniga ega bo‘ladilar. Mahalliy aholi va ota-onalar ushbu amaliy ishlarga ijobiy baho berib, bunday loyihalarni yosh avlod kelajagiga qo‘yilayotgan muhim sarmoya sifatida qabul qilmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari