Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘iga binoan joylarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etishga kirishilgan edi. Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlarda Toshkent viloyatining 5 ta tumanidagi eng chekka, ijtimoiy holati “og‘ir” mahallalar tanlab olindi. Belgilangan vazifalar ijrosi uchun respublika byudjetidan 4 milliard so‘m, shuningdek, mahalliy byudjet hamda homiy tashkilotlar hisobidan ham yetarli darajada mablag‘ ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida Toshkent viloyati Piskent tumanining eng chekka hududi – “Suvti” mahallasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi.
Mahalladagi bayram tadbiri erta tongdan “Sog‘lom hayot uchun” yugurish marafoni bilan boshlandi. Mahallaning kirish qismidan start olgan marafonda 300 nafardan ziyod yoshlar hamda mahalla ahliga harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari hamrohlik qildi.
To‘yga to‘yona bilan, deganlaridek, shu kuni mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu – qishloq ahli uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi. Idora oldiga soyabon o‘rnatildi, bo‘sh yer maydoniga ko‘chatlar qadaldi, daraxtlar ostiga to‘qsonbosti ekinlari ekildi, hudud obodonlashtirildi. Loyiha qiymati 500 million so‘mdan ortiqni tashkil qiluvchi inshootda xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu – ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, idoralararo ma’lumot almashish osonlashtiradi.
Tadbir ishtirokchilarining keyingi manzili yangidan barpo qilingan “Suvti” qishloq vrachlik punkti bo‘ldi. Uzunligi 12 metr, eni 6 metrni tashkil qiluvchi inshoot yengil konstruksiyadan qurilgan bo‘lib, unda aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish, kasalliklar profilaktikasi va davolash – birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
E’tiborli jihati shundaki, binoning bir qismida mo‘’jazgina kutubxona tashkil qilingan va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirilgan. Yoshlarning sevimli hududiga aylangan ziyo maskanida kitobxon o‘quvchilar mehmonlarga she’rlar o‘qidi, o‘zlarining iqtidorlarini namoyish qildi.
Bayram tadbiri “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallaning bo‘sh yer maydoniga ko‘chat ekish bilan davom etdi.
Qayd etish lozimki, mahallada “Obod xonadon” mezoni ostidagi tadbirlar doirasida ishchi guruhi 522 ta xonadonning har biriga kirib xatlovdan o‘tkazdi, oila xo‘jaliklarining turmush tarzi o‘rganildi. Ana shu hujjat asosida ehtiyojmand oilalarning uy-joylari ta’mirlandi, moddiy yordam ko‘rsatildi. Barcha xonadonlarning sanitar-gigiyena holatini yaxshilash, tomorqalardan samarali foydalanish, uy-joy tutish, oila a’zolarining yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillaridan iborat mehmonlar obod xonadonlardagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, tandirda yopilgan non va ko‘k chuchvaradan tanovul qildi, qishloq ahli bilan samimiy muloqot o‘tkazildi.
Olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida mahalladagi 250 dan ziyod oilaning tomorqasiga to‘qsonbosti ekinlari joylashtirildi, tomorqa madaniyati yuksaltirildi, hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida issiqxona qurish uchun imtiyozli kreditlar berildi.
Mahallada “Obod ko‘cha”mezonlarini joriy qilish bo‘yicha o‘ydim-chuqur yo‘llar ta’mirlandi, ichki ko‘chalar tekislandi, tutash maydonlar, bo‘sh yerlar, xonadonlar oldiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 10 ming tupdan ziyod ko‘chatlar ekildi.
Jami 5 ta ichki ko‘chaning qariyb 2 kilometri shag‘allashtirildi, 220 metri beton qilindi, 3,3 kilometr piyodalar yo‘lagi qurildi. Shuningdek, elektr ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida 4 kilometr havo liniyasi yangilandi, 74 ta tungi yoritish moslamasi qo‘yildi.
368 ta eski simyog‘och temir beton ustunlariga almashtirildi. Bundan tashqari, qariyb 10 kilometr gaz tarmog‘i tartibga keltirildi, bo‘yaldi, 700 metr ichimlik suvi quvuri tortilib suv inshooti o‘rnatildi. "Tinchlik" va "Mustaqillik" ko‘chalaridagi 2 ta ko‘prik yangidan bunyod etildi. Qisqa muddat ichida ro‘y bergan o‘zgarishlar aholini mamnun qildi.
Mahallada ishsizlikni qisqartirish maqsadida 44 nafar aholining bandligini ta’minlandi, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 220 million so‘m imtiyozli kredit berildi.
Bugun mahalladagi har bir guzar, ko‘cha, xonadonlar oldi milliy qadriyatlarimizga mos tartibga keltirildi, ariqlardan zilol suvlar oqyapti.
Bayram tadbirining badiiy qismi mahalla markazidagi ochiq maydonda o‘tkazildi. Qishloq ahli va mehmonlar bir joyda jam bo‘ldi. Unda qayd etilganidek, hududda bajarilgan bunyodkorlik ishlari davlatimizning aholi ijtimoiy himoyasiga qaratilgan e’tibori namunasidir. Bunday xayrli tadbirlar har bir mahalla kesimida davom etishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, asosiy maqsad – xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan.
Tadbir doirasida e’lon qilingan o‘ndan ortiq tanlovning g‘olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi. Shuningdek, hududdagi bunyodkorlik ishlarida faollik ko‘rsatgan vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillari, saxovatpesha tadbirkorlarga ko‘krak nishonlari, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbirining badiiy qismida Vatanni, mehr-oqibat, muhabbat, insoniylikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi, barchaning ko‘ngliga bayramona kayfiyat ulashildi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA