French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bunyodkor” stadionida penchak silatning professional yo‘nalishi bo‘yicha “Asian fight – 2017” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi
12:14 / 2017-09-10

O‘zbekiston penchak silat federatsiyasi tomonidan “Asian fight – 2017” xalqaro turnirining tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni sportning yakkakurash turlariga keng jalb etish, sportchilarimizning tajriba va mahoratini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi, mamlakatimiz penchak silat federatsiyasi, Uzmobile kompaniyasi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan turnirda yurtimiz yakkakurash ustalari bilan birga Singapur, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Rossiya, Kipr singari davlatlardan kelgan sportchilar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Xalqaro turnirning tantanali ochilishida mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida sportning yakkakurash turlari ham yoshlarimiz orasida jadal ommalashayotgani ta’kidlandi.

– O‘zbekistonning naqadar ulkan salohiyatga, qudratga ega davlat ekani, xalqingiz esa samimiy va mehmondo‘st ekani havasimizni keltirdi, – deydi Osiyo penchak silat federatsiyasi prezidenti Shayx Olovuddin Bin Yoqub Marikan. – Bugungi turnirning yuksak saviyada tashkil etilgani mamlakatingizda sport rivojiga naqadar ulkan e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.

Mamlakatimiz sportchilari yakkakurash sport turlari bo‘yicha dunyoda yetakchilardan. Yoshlarimiz boks, kikboksing, karate, taekvondo, dzyudo, penchak silat singari qator sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlarida, nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

O‘zbekiston penchak silat federatsiyasi tomonidan “Asian fight – 2017” xalqaro turnirining tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni sportning yakkakurash turlariga keng jalb etish, sportchilarimizning tajriba va mahoratini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan ushbu turnirda sportning jangovar yakkakurash turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilarimiz Mahmud Murodov, Jasur Mirzamuhamedov, Ulug‘bek Umarov, Hasanxon Baratov, Muhammadali Toshturg‘unov, Isroil Rasulov, Ayubxon Kamolov va Ahliddin Mirzadavlatov Vatanimiz sharafini himoya qildi.

“Asian fight – 2017” xalqaro turnirida Isroil Rasulov singapurlik Muhammad Xairini, Ayubxon Kamolov hindistonlik Vikash Dahiyani, Muhammadali Toshturg‘unov qirg‘izistonlik Bektur Mangiyevni, Ahliddin Mirzadavlatov qozog‘istonlik Xolmurod Hizirovni, Mahmud Murodov ozarbayjonlik Ziyo Mirzayevni, Hasanxon Baratov rossiyalik Mixail Xoldorkinni, Jasur Mirzamuhamedov kiprlik Vartan Aparianni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Ulug‘bek Umarov afg‘onistonlik raqibi Abdul Sami Fayziyga imkoniyatni boy berdi.

– Yurtimizda tashkil etilgan nufuzli turnirda g‘alaba qozonganimdan xursandman, – deydi Mahmud Murodov. – Bunday musobaqalar sportchilarning tajribasini oshirish bilan birga yuzlab, minglab yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Bu kabi turnirlar mamlakatimizda muntazam tashkil etilishiga va unda biz, sportchilar yuqori natijalarga erishishimizga umid qilamiz.