10 avgust – O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlar kuni
Mamlakatimiz yildan-yilga taraqqiy etib, farovonlik sari yuzlanib, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar to‘lqinida Farg‘onaga ham yangi nafas, yangi hayot kirib keldi. Bu yillar viloyatimiz va ko‘p millatli aholi uchun yangi taraqqiyot yillari, har sohada tub burilishlar davri bo‘ldi. Qurilish va uy-joy tarmoqlarini jadal rivojlantirish, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish borasida erishilgan natijalar yaqqol bo‘y ko‘rsatib turibdi.
Sohaning huquqiy va moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, respublikamizning barcha hududlarida ilg‘or texnologiya va yondashuvlar asosida faoliyat yuritadigan yangi-yangi qurilish tashkilotlari paydo bo‘layotgani, qurilish materiallari industriyasi yuqori sur’atlar bilan rivojlanayotgani, malakali yetuk kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani shunday deb aytishga asos beradi.

Davlatimiz rahbarining Yangi O‘zbekistonni qurilish maydoniga aylantirgani viloyatimizda ham o‘zining kutilgan natijalarini ko‘rsatdi. Bir paytlar yangi uylar kam qurilgan bo‘lsa, hozir viloyatda butun boshli shaharcha barpo etishga erishildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etishda “Bag‘dod tajribasi” andoza qilib olindi.
Aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash borasida 2025 yilda viloyat bo‘yicha jami 219 ta 9900 xonadonli ko‘p qavatli uy-joy qurilishi olib borilmoqda. Hozirgacha 72 ta 2872 xonadonli qo‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Xususun, Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan “Eko shahar” massivida joriy yilda 23 ta qo‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 3 tasi foydalanishga topshirildi. Qolgan ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari jadal sur’atda olib borilmoqda.
Qo‘qon shahrining “Aziztepa” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 34,2 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilmoqda. Bu yerda 84 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirda birinchi bosqichida bunyod etilishi lozim bo‘lgan 56 ta turarjoyda amaliy ishlar boshlangan.
Marg‘ilon shahar “Navro‘z”mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida ham qurilish ishlari qizg‘in ketmoqda. Bu yerda bunyod etilayotgan 10 ta 756 xonadonli ko‘p qavatli uy yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Farg‘ona tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 11 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kungacha ularning 3 tasi qurib bitkazildi.
Bundan tashqari, shahar va tumanlarda ma’nan eskirgan ikki qavatli va yakki tartibdagi uy-joylar o‘rnida renovatsiya asosida zamonaviy arxitektura talablariga mos ko‘p xonadonli turarjoy majmualari barpo etish bo‘yicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Jumladan, Marg‘ilon shahar “Ipakchi” hamda ”Qirguli” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi 8 gektar yer maydonida mavjud 241 ta yakki tartibdagi uy-joy o‘rniga renovatsiya loyihasi bo‘yicha 36 ta 7 ko‘p qavatli uy-joy qurish rejalashtirilgan. Hozirda hududdagi 68 ta uy buzilib, bunyodkorlik ishlari boshlandi. 264 xonadonli 6 ta turar joy foydalanishga topshirildi. Qolgan shahar va tumanlarda ham renovatsiya asosida ma’nan eskirgan uy-joylar o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilishi mo‘ljallanmoqda.
Ayni vaqtda ulkan qurilish maydoniga aylangan Farg‘onada quruvchilarimizning o‘z kasbiga mehri, burchiga sadoqati, g‘ayrat-shijoati bilan ko‘plab ijtimoiy ob’ektlarda ham bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilyapti. E’tiborlisi, Marg‘ilon shahar “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Burhonidddin Marg‘inoniy ilmiy-tadqiqot va turizm majmuasi barpo etiladi. Hozir ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari davom etyapti. Shuningdek, Quva tumani Karkidon suv ombori atrofini turizm maskaniga aylantirish uchun master reja asosida ishlar boshlab yuborilgan. Tuman va shaharlarning markaziy qismida tunu kun ishlaydigan ko‘chalar tanlab olinib, ularning jozibadorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida eng chekka va olis qishloq va mahallalarda ham bunyodkorlik yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish, obodonlashtirish hamda aholining kam ta’minlangan qatlamlari, yosh oilalar uchun arzon va shinam uy-joylar qurish dasturi izchil amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim..
Aytish joizki, joriy yildagi rejalarimiz bo‘yicha Bag‘dod tumanidagi Cho‘rindi, Oltiariq tumanidagi Azimobod, Qo‘shtepa tumanidagi G‘ishtmon shaharchalari bosh loyihasi hamda Dang‘ara tumanidagi “Taptiqsaroy”, “Doimobod”, “Chinobod”, Rishton tumandagi “Bog‘iston”, “Voxim”, So‘x tumanidagi “Hushyor”, Beshariq tumanidagi “Chorboqto‘rong‘i”, Oltiariq tumanidagi “Qiziltepa”, Qo‘shtepa tumanidagi “Shomirza” mahalla fuqarolar yig‘inlarining shaharsozlik jihatdan rivojlantirish loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Investitsiya dasturi doirasida shu yili qiymati 866 milliard so‘m bo‘lgan 107 ta ob’ekt qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 14 tasi yildan-yilga o‘tuvchi va 93 ta yangidan boshlanuvchi ob’ektdir. Shu kunga 1 tadan tibbiyot, oliy ta’lim, 2 tadan maktab, irrigatsiya, sel-toshqindan himoyalash inshootlari, 4 ta ichimlik va oqova suv ob’ektlari ishga tushirildi. Shuningdek, 31 ta umumta’lim maktabi, 13 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qiymati 296,3 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham jadal bormoqda. Viloyatimizdagi 156 ta qo‘p qavatli turar joyda mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Boshqaruv servis kompaniyalarining 3 797 million so‘m mablag‘lari hisobidan uylarning tom, yerto‘la, fasad qismlari, kirish yo‘laklari, elektr energiyasi jihozlari, muhandislik kommunikatsiyalari va tarmoqlari ta’mirlanadi, temir eshik va kodli qulflar o‘rnatiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yaqin yillar ichida bunyod etilgan yangi-yangi turar joylar, ishlab chiqarish ob’ektlari, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari viloyatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, hayotimizning yanada obod va farovon, fayzli bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, xalq manfaatini o‘ylab mustahkam va ko‘rkam imoratlar qurish, ravon yo‘l va ko‘priklar bunyod etish dunyodagi eng savobli va xayrli ishlardan biridir. Mana shunday ezgu faoliyat olib borayotgan viloyatimiz bunyodkorlari qurilish sohasi xodimlari kuni va O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yillik bayramini munosib mehnat zafarlari hamda shodu xurramlik bilan kutib olmoqdalar.
Hakimjon DOLIMOV,
Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari.
O‘zA