Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunchalar sog‘intirding, bahor?!
17:40 / 2025-03-10

Qatra

Bu yil qish bahor faslidek o‘tdi chog‘i. Qishning bir kuni ham qolsa, qo‘rqqin deguvchi edi bobolar. Shunday ham bo‘ldi. Bahor bor tarovati bilan fasllar almashinuviga kirishdi. Ammo sovuq kunlar bunga yo‘l bermadi. Dunyo kurashlar ostida yaralgan go‘yo. Insoniyat yaxshiliklarga doim talpinib yashaydi. Qish bu go‘zal diyordan ketgisi kelmadi, chog‘i. Bahor ham biror kunini qishga bergisi kelmadi. Qariya shu kabi o‘ylar bilan eshik ochib ko‘chaga qadam bosdi.  

Tuni bilan tinimsiz yoqqan yomg‘irdan so‘ng osmon tiniqlashgandek. Quyoshning tafti boshqacha tuyuldi. O‘lmagan qul bahorga ham yetdi, dedi qariya o‘zicha shivirlab. Hovlidagi katta o‘rik daraxti kechagina gullay deb turgan edi. Bugun esa qiyg‘os ochilibdi. Shamolda o‘rikning oppoq gullari yerga qor misoli yastanib yotibdi.  

Shamolning har faslda o‘z yumushi bor. Kuzda xazonlarni, qishda qor parchalarini, yozda tuproq va qum uyumlarini, bahorda esa gullarni har tomonga sochadi. Qariyaning yuziga tabassum yugurdi. Nima bo‘lganda ham bahor kelibdi, deya shivirladi. Osmonga qaradi. Balandlarda, qordek oppoq bulutlar ostida bir-birini quvalab uchayotgan qaldirg‘ochlarni kuzatdi. Ularning chirqirashidan zavq oldi. Bir juft musichalarning shoxdan shoxga sakrashini tabassum bilan kuzatdi.

Shu payt osmondan turnalarning “qur-quri” eshitildi. Qariya tovush kelgan tomonga qaradi. Turnalar ko‘kda turli shakllar hosil qilib uchib borardi. Yuragi yana quvonchdan entikdi. Turnalar pastlab uchgan yili yurtda arzonchilik bo‘ladi, deyishardi. Bog‘lar, dalalar serhosil, xalqning rizqi butun bo‘ladi. Shunday bo‘lsin. Bog‘bon, dehqonning ishi o‘ngidan kelsa,  xalq to‘q  bo‘ladi, yurt obod bo‘ladi.

Qo‘ni-qo‘shnilar o‘z yumushi bilan band. Kimdir nihol ekyapti, kimdir ariqlarni tozalayapti, kimdir daraxtlarni oqlayapti. Qizlar-kelinlar ko‘cha-hovlilarni supurib, suv sepyapti. Har tomonda sarishtalik. Varrak uchirishga yugurgilagan bolalarning sho‘x-shodon kulgilari olamni tutadi.  

Allaqachon navro‘z taomlari – sumalak, halim tayyorlash boshlanib ketgan. Qo‘shnilar bu kabi ishlarda ancha chaqqon. Yoshlar keksa otaxon, onaxonlardan Navro‘zning barcha taomillarini ziyraklik bilan egallab olish harakatida.  

Qariya bir olam zavq bilan hovliga qadam qo‘ydi. Hovlidan tandirda yopilgan ko‘k somsaning isini tuydi. Nabiralar shovqin solib hovlini boshiga ko‘targudek chopishardi. Hovlida ochila boshlagan turli gul va lolalardan yanada zavqqa to‘ldi. Hamma, hammasi bahordan darak. Bu yil bunchalar sog‘intirding. Yurtimga, ruhimga xush kelding, bahor.

Asror Sulaymonov, O‘zA