Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bunchalar bag‘ring keng, Fransiya?! (+video)
11:25 / 2025-08-13

Fransiya dunyodagi eng ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan mamlakat hisoblanadi. Euronews yozishicha, ushbu mamlakat o‘tgan yil 100 milliondan ziyod mehmonni qabul qilgan. To‘g‘risi, sayyoh oqimiga qarshi Yevropaning turli manzillarida norozilik tobora ortayotgan bir payt farang diyoriga nisbatan bunday kayfiyat kishini hayron qoldiradi. Nega?

<iframe width="1326" height="746" src="https://www.youtube.com/embed/PvYlY5AXY5U" title="Bunchalar bag‘ring keng, Fransiya?!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Parij, Nitssa, Lion kabi shaharlar har yili millionlab turistlarni jalb qilsa-da, Fransiya sayyohlik oqimini barqaror ravishda boshqarayotgan kam sonli mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Gretsiyada mahalliy aholi uy devorlariga yozib ketayotgan sayyohlar ko‘pligidan norozilik bildirsa, Italiya, Ispaniya va Portugaliyada turizmga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Yevropa davlatlarida sohaga ana shunday bahsli qarash hukmronlik qilayotgan bir payt fransuzlar turizm bilan uyg‘un yashashni uddalamoqda.

Fransiya turizm siyosatida barqarorlik va mas’uliyat tamoyiliga alohida e’tibor qaratadi. Turizmni rivojlantirish agentligi 10 yillik strategiya ishlab chiqib, 2021 yil barqaror turizmni qo‘llab-quvvatlash uchun 1,9 milliard yevro ajratgan. Bu mablag‘ temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarga sayyohlarni jalb qilishga yo‘naltirildi. Shuningdek, 2023 yil mamlakatda ikki yarim soatdan kam ichki havo qatnovi rasman taqiqlandi. Natijada temiryo‘ldan foydalanish keskin ommalashdi. Mamlakatdagi mavjud 28 000 kilometrlik temir yo‘l tarmog‘ining  3000 kilometri tez yurar poyezdga moslashtirilgan. Masalan, Parijdan Marselga atigi uch soatda yetib borish mumkin.

– Fransiya temir yo‘l turizmi uchun Yevropadagi eng qulay mamlakatlardan biri, – deydi “Omio” kompaniyasi vakili Veronika Dikvatro. – Bu yurtda sayyoh faqat Parij bilan cheklanib qolmaydi, chunki boshqa mintaqalar ham o‘z infratuzilmasi va sayyohlik brendini muvaffaqiyatli shakllantira olgan.

So‘nggi yillarda Fransiyaga Hindiston, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari, Afrika qit’asi va Avstraliyadan keluvchilar ham sezilarli darajada ko‘paydi. Ular Parijdan tashqaridagi shaharlar, qishloqlar va gastronomik hududlarga ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.

– Biz mahalliy tajribanisotish, xususan organik vino ishlab chiqaruvchilar va mahalliy oshxona ustalarini targ‘ib qilyapmiz, – deydi sayyohlik firmasi vakili Marin Prat.

Baribir, Fransiya turizmi bir tekis rivojlanyapti, deya olmaymiz. Muntazam ish tashlash, ayniqsa temir yo‘l va havo qatnovi bilan bog‘liq muammo mahalliy aholi va sayyohlar uchun noqulaylik tug‘dirmoqda.

2024 yil Parij Olimpiadasi poytaxtga kiruvchilar sonini keskin oshirib, bir yil ichida 50 milliondan ziyod odam shaharni ziyorat qildi. Monmartr kabi mahallalar aholisi tungi hayotdan charchaganini bildirmoqda.

Hukumat soha bilan bog‘liq xatolarni takrorlamaslikka harakat qilyapti. Masalan, Lissabon va Barselonada xonadonni qisqa muddatli ijaraga berish uy-joy inqiroziga olib keldi. Fransiyada esa yangi qonunga ko‘ra, mahalliy hokimiyat uy-joyni qisqa muddatga ijaraga berish sonini cheklash, ijara kunini 120 dan 90 kunga qisqartirish va qoidaga amal qilmaganlarni jarima bilan jazolash huquqiga ega.

Bunday tizimli yondashuv Fransiyani Yevropada sayyohlik oqimini muvozanatda ushlab turgan kam sonli davlatlardan biriga aylantirgan.

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov,O‘zA