Davlatimiz rahbarining Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes forum va kunchiqar yurt tadbirkorlari bilan uchrashuvlarda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidbek Samiyev ham ishtirok etdi.
Jumladan, Yaponiyaning “Okamoto Corporation” kompaniyasi prezidenti Ryutaro Okamoto va X.Samiyev savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratdilar. Samarqandda paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladigan paypoq ishlab chiqarish zavodini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari O‘zbekistonning Nagoya viloyatidagi faxriy konsuli sifatida ko‘p yillar faoliyat yuritgan Hiroyuki Ito bilan uchrashuvda Yaponiyaning salohiyatli tadbirkor va yirik kompaniyalarini Samarqandga jalb qilish va hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi. X.Samiyev Bulung‘ur tumanida yaponiyalik tadbirkorlar uchun erkin iqtisodiy zona tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Yaponiyaga safar davomida Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari “Masui Co., Ltd.” kompaniyasining O‘zbekiston bo‘yicha mas’ul vakili Chinori Tokita bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur kompaniya Samarqanddan yetkazib berilgan xomashyo asosida Yaponiyada “SAMARQANDARYO” brendi ostida sochiq va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari, yangi loyiha takliflari hamda kompaniya vakillarining 2026 yil fevral oyida Samarqand viloyatiga tashrifi masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Samarqand viloyatida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri