Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bulung‘ur hokimi yuzdan oshgan onaxonlarni yo‘qladi
08:54 / 2022-08-29

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanining Beshkuvi mahallasida yashovchi, 1913 yilda tug‘ilgan Ruxsat momo nafaqat Samarqand viloyati, balki yurtimizning eng yoshi ulug‘ insonlaridan hisoblanadi. Tumanning Gulobod mahallasida esa 101 yoshli Toshbuvi momo istiqomat qiladi.

Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik bayrami arafasida Bulung‘ur hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan loyiha doirasida tuman hokimi Samandar Astonov va keng jamoatchilik vakillari ushbu tabarruk onaxonlar va nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yurtdoshlarimizning xonadonlariga yo‘qlab borib, ularni bayram bilan tabrikladi.

– Hali ham yostiqqa suyanmayman, odamni dangasa qiladi, – deydi Ruxsat momo. – Bolalarim qarshilik qilsa-da kelinlarimga uy-ro‘zg‘or yumushlarida yordamlashaman. Bekordan xudo bezor, degan gap bor. Inson nima bilandir band bo‘lishi, mehnat qilib turishi kerak. Bu avvalo, odamning o‘ziga, salomatligiga foyda. Qolaversa, qimirlagan odamning ro‘zg‘orida baraka bo‘ladi. Kecha nabiralarim hovlidagi yong‘oqni qoqqan ekan, po‘stlog‘ini ajratishga yordam berdim. Barmoqlarimga mashq bo‘ldi. Nevara, evaralarim mendan, ota-onasidan o‘rganadi-da mehnatsevarlikni.

Toshbuvi momo ham bugungi kunlarga shukrona aytib, tuman rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.

Onaxonlar yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochdi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA